Isroil Erondagi yadroviy obektlarga zarba berib, bir necha muhim shaxsni jisman yo‘q qildi.
Ushbu hujum ortida nima bor va vaziyat qanchalik xavfli? Terror mavzusi bo‘yicha ekspert Piter Neyman BILD sahifasida shu ikki savolga e’tibor qaratarkan, dastlab ayni amaliyot Eron yadro dasturini to‘xtatish va Inqilob gvardiyasi rahbariyati mavqeini zaiflashtirishdan iboratligini ta’kidlagan.
Nashr avvalroq xabar berganidek, Isroil razvedka xizmati “Mussad” ko‘p yillardan buyon bevosita Eron hududida harbiy bazalar o‘rnatib kelayotgani haqida dalillar mavjud.
- Mussad Islom mamlakati ichida o‘z harbiy infratuzilmasini yaratishga muvaffaq bo‘lgan, - deb hisoblaydi Neyman.
Uning fikricha, bu jarayon psixologik ahamiyatga ham ega. Ya’ni Isroil dushmanlari endi hech qayerda, hatto o‘z uyida ham xavfsiz emasligini namoyish etmoqda.
AQSH bunda muayyan xavf ko‘rmoqda. Bunday hujumlar Eronni yadro bombasi yaratishni tezlashtirishga undashi mumkin. “O‘ylashimcha, Prezident Donald Tramp Eronni yadroviy dastur bo‘yicha muzokara davrasiga qaytishga undaydi”, - deydi ekspert.
Qolaversa, Neyman hozirgi vaziyatni butun mintaqa uchun burilish nuqtasi sifatida baholagan. Ya’ni, vaziyat o‘ta keskinlashishi yoki tomonlar muloqot yo‘liga o‘tishi mumkinligini taxmin qilgan.
S.Poyonov, O‘zA