Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekspert: O‘zbekiston – Germaniya o‘rtasida gumanitar va ta’lim sohalarida aloqalar mustahkamlanmoqda
15:51 / 2026-02-06

Markaziy Osiyo xalqaro institutida «Markaziy Osiyo va Germaniya analitik markazlari forumi: hamkorlikning joriy holati va istiqbollari» mavzusida onlayn-forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri Abdurashid Bozorov so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar barqaror ijobiy dinamikani namoyon etayotgani, siyosiy muloqot faollashayotgani, savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib borayotgani, shuningdek, gumanitar va ta’lim sohalaridagi aloqalar mustahkamlanayotganini ta’kidladi.

– Germaniya bugungi kunda O‘zbekistonning asosiy tashqi iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanib, tovar ayirboshlash hajmi bo‘yicha 7-o‘rinni egallaydi. 2025 yilda o‘zaro savdo hajmi 1,4 mlrd. dollarga yetdi va bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan 2,3 barobar oshdi, – dedi  Abdurashid Bozorov. – O‘zbekiston eksporti esa qariyb 4,5 barobarga o‘sdi. Import tarkibining asosini milliy sanoatni modernizatsiya qilishga xizmat qilayotgan yuqori texnologik sanoat mahsulotlari, uskunalar, kimyoviy mahsulotlar va transport vositalari tashkil etadi.

Shuningdek, investitsion hamkorlik ham izchil ravishda kengayib borayotgani ta’kidlandi. 2026 yil yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokidagi 225 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Faqat 2024 yilning o‘zida Germaniya investitsiyalari va kreditlari hajmi 1,37 mlrd. dollarni tashkil etdi. Asosiy sarmoyalar sanoat, energetika, konchilik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalariga yo‘naltirildi. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni o‘z ichiga olgan ijtimoiy loyihalarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ekspertning qayd etishicha, Berlin sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma deklaratsiya hamkorlikning uzoq muddatli institutsional kun tartibini shakllantiradi. U “yashil” energetika, iqlim o‘zgarishiga moslashish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda gumanitar almashinuvlarni kengaytirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida o‘zbek mahsulotlari eksportini Germaniya bozoriga oshirish, nemis texnologiyalarini jalb etgan holda to‘qimachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, teri-poyabzal sanoatida kooperatsiyani rivojlantirish, meditsina klasterlarini tashkil etish hamda Pharma Park hududida ishlab chiqarishni lokallashtirish masalalari alohida qayd etildi.  

Alohida e’tibor “yashil” iqtisodiyot loyihalariga qaratildi. Jumladan, quyosh panellarini qayta ishlash, vodorod energetikasini rivojlantirish hamda strategik ahamiyatga ega xomashyo resurslarini qayta ishlash masalalari qayd etildi.

Shuningdek, shahar mobilligi sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari, xususan Toshkent shahri jamoat transportini modernizatsiya qilish, nemis kompaniyalari ishtirokida muhandislik va raqamli yechimlarni joriy etish masalalari belgilab o‘tildi.

Yakunda ekspert o‘zbek-german hamkorligining mustahkam poydevori allaqachon yaratilganini ta’kidlab, keyingi bosqichda ishlab chiqarishni lokallashtirish, qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish hamda investitsion-texnologik sheriklikni kengaytirish orqali kooperatsiyani chuqurlashtirish ustuvor vazifa ekanini qayd etdi. Bu esa barqaror iqtisodiy o‘sish uchun yangi ufqlarni ochib beradi.

Ma’lumot uchun, Germaniya O‘zbekiston iqtisodiyotida asosiy investorlardan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda. Xususan, 2024 yilda Germaniya Federativ Respublikasidan kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,37 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi. Asosiy investitsiyalar sanoat, energetika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalariga yo‘naltirildi.  

Mohigul Qosimova, O‘zA