Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekspert: Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani qabul qilish mantiqiy va amaliy qadamdir
21:21 / 2023-09-14

O‘zA avval xabar berganidek, Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo xalqaro instituti – MOXI yetakchi ilmiy xodimi Jasur Qodirov sammitda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar istiqbolini shunday sharhlaydi:

Butun dunyo ommaviy axborot vositalari, ekspertlar diqqati Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi formatidagi muzokaralarni muvaffaqiyatli o‘tkazgan Dushanbe shahriga qaratilgan.

Mintaqa davlatlari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi an’anaviy tarzda yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hamjihatlik ruhida o‘tdi, deb baralla ayta olamiz.

Davlat rahbarlari samimiy va do‘stona muhitda mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar, Markaziy Osiyoda samarali hamkorlikning keyingi istiqbollarini muhokama qildilar.

Shuningdek, Prezidentlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar tahlili barqaror iqtisodiy o‘sish va mintaqa xalqlari uchun qulay turmush sharoitini ta’minlash maqsadida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyatidan dalolat beradi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha Mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish to‘g‘risidagi taklifiga e’tibor qaratsak, Markaziy Osiyoda harorat isishi dunyoning boshqa qismlariga qaraganda tezroq kechayotgani uchun bu tashabbus juda dolzarbdir.

Agar 1900 yildan buyon o‘rtacha global harorat 1,1 darajaga oshgan bo‘lsa, bizning mintaqamizda o‘rtacha yillik harorat 1,6 darajaga, ya’ni 13,2 dan 14,8 gacha ko‘tarilgan. Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib havo harorati yana 1,5-3 darajaga oshishi mumkin.

Natijada so‘nggi 50-60 yil ichida Markaziy Osiyoda muzliklar maydoni 30 foizga qisqardi. Jahon banki qayd etganidek, suv tanqisligi yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin.

Osiyo taraqqiyot banki hisob-kitobiga ko‘ra, 2050 yilga borib mintaqada sug‘oriladigan yer maydonlari 25 foizga qisqaradi. Yer degradatsiyasi tufayli yillik yo‘qotishlar taxminan 4,5 milliard dollarni tashkil etadi. Bunday sharoitda hozirgi iqlim o‘zgarishiga moslashish Markaziy Osiyo davlatlarining keyingi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi kafolati va muhim shartiga aylanadi.

Hududda mamlakatlar bir geografik makonda joylashgani va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘xshash muammolarga ega ekanini hisobga olsak, mintaqaviy strategiyani qabul qilish mantiqiy va amaliy qadamdir.

Bu mamlakatlar o‘rtasida mintaqaviy muloqotni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni chuqur tahlil qilish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha kompleks yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi. Shuningdek, iqlim masalalari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari yillik kun tartibidan mustahkam o‘rin olgani quvonarli.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili mintaqa davlatlari rahbarlarining 4-uchrashuvida tasdiqlangan “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi doirasida faol ishlar olib borilmoqda.

Ishonchimiz komilki, O‘zbekiston rahbarining iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini amalga oshirish mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA