Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Jamoat tartibini saqlash xizmati bilan hamkorlikda insonlarning ekologik madaniyati va mas’uliyatini o‘rganishga qaratilgan eksperiment o‘tkazdi.
Unda Toshkent shahrining uch hududidagi markaziy ko‘chalarda aholi gavjum joyga atayin chiqindi tashlandi. Maqsad insonlarning bu holatga qanchalik e’tibor berishi, yerda yotgan chiqindi uyumini olib, chiqindi qutisiga tashlashi yoki tashlamasligini kuzatish edi.

Afsuski, natija ko‘ngildagidek bo‘lmadi, 3 soat vaqt davomida ko‘zga tashlanib turgan chiqindi yonidan 100 ga yaqin inson o‘tdi, ammo ularning atigi 9 nafari sochilib yotgan chiqindiga e’tibor qaratdi.
Ushbu eksperiment ko‘pchilikning atrof-muhit ifloslanishiga shunchaki befarq ekanini ko‘rsatib berdi.
Aksariyat odamlar yon-atrofni chiqindilardan toza saqlash boshqalarga tegishli deb hisoblaydi. Aslida, barchamiz ommaviy ekologik madaniyatni shakllantirishda shaxsiy namuna ko‘rsatishimiz lozim.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA