Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekoturizmni rivojlantirish yo‘lida
13:12 / 2014-09-15

O‘zbekiston o‘zining betakror tabiati, xushmanzara maskanlari, boy madaniy merosi va qadimiy an’analari bilan xorijlik sayyohlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda. Bu ona diyorimizda ekoturizmni rivojlantirish imkonini beradi.

O‘zbekiston o‘zining betakror tabiati, xushmanzara maskanlari, boy madaniy merosi va qadimiy an’analari bilan xorijlik sayyohlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda. Bu ona diyorimizda ekoturizmni rivojlantirish imkonini beradi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ushbu sohani keng rivojlantirish maqsadida milliy dastur va loyihalar ishlab chiqilib, hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotir.

Tyan-Shan va Chotqol tog‘ tizmalarining Qurama, Pskom, Ugom tog‘lari oralig‘ida joylashgan hududda besh yuzdan ziyod madaniy meros obyekti davlat muhofazasiga olingan. “Chotqol” davlat biosfera qo‘riqxonasi, “Ugom-Chotqol” davlat milliy tabiat bog‘i, tog‘li hududlardagi tosh haykallar hamda o‘ziga xos tasviriy san’at galereyasi bo‘lgan qoyatosh bitiklari, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlaridagi Shohruhiya, Xonqa arxeologik yodgorliklari, Saur tepa, Shodmalik ota va Sardoba qaynar majmualari, Qirqqiz, Sormozor va Parpi ota qadamjolari shular jumlasidandir.

Toshkent viloyatida ham ekoturizmni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yerga kelib-ketuvchi sayyohlarning tabiat qo‘ynida unga zarar yetkazmagan holda maroqli hordiq chiqarishi, ajib maskanlarning betakror go‘zalligidan bahra olishi, nabotot va hayvonot olamining nodir namunalari bilan yaqindan tanishishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Buni Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari hududidagi tog‘, o‘rmon, yaylov, tabiiy suv havzalari, sug‘oriladigan va lalmi yerlarni o‘z ichiga olgan “Ugom-Chotqol” davlat milliy tabiat bog‘i faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.

Bir qator sanatoriya, pansionat, dam olish va bolalar sog‘lomlashtirish maskanlari, qo‘riqxona, ovchilik, o‘rmon hamda fermer xo‘jaliklari joylashgan mazkur hudud Markaziy Osiyodagi eng yirik milliy bog‘lardan biri hisoblanadi.

Bog‘ mo‘ta’dil iqlimi, tabiiy va qadimiy yodgorliklari bilan ichki va tashqi sayyohlar diqqatini o‘ziga jalb etadi. Sayyohlar hordiq chiqarish bilan birga, katta-kichik ko‘llar, ajoyib sharsharalar, mintaqamizning boshqa hududlarida uchramaydigan petrogliflar va qadimiy tarixiy obidalarga boy ushbu maskanda 2 mingga yaqin o‘simlik, ikki yuzdan ziyod hayvon turlari bilan tanishishi mumkin.

– Hududimizda turizmning tog‘-chang‘i, alpinizm kabi o‘nlab turlari mavjudligi bu yerga keluvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirmoqda, – deydi “Ugom-Chotqol” davlat milliy tabiat bog‘i boshqarmasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Ergash Sarimsoqov. – Bu aholining mazkur yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini boshlashida juda qo‘l kelayotir. Ular turli servis xizmatlari, savdo shoxobchalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan birga, milliy qadriyat va an’analarimizni ham dunyoga keng targ‘ib etishga hissa qo‘shmoqda.

O‘tgan yillar davomida bu yerda xizmat ko‘rsatish turi va sifatini yanada yaxshilash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-sentabrdagi “2013-2015-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida o‘tgan yili Burchmulla va Chimyon qishloqlaridan o‘tuvchi soy bo‘ylarida chodirlar shaharchalari tashkil etilib, hududning udum va an’analariga monand jihozlandi.

– Xizmat yuzasidan O‘zbekistonga tez-tez kelib turaman, – deydi germaniyalik ishbilarmon Bernd Xeynn. – Ishlar bitgach, mamlakatingiz bo‘ylab, xususan, Toshkent viloyatiga sayyohat qilaman. Bu yil Bo‘stonliq tumanida bo‘ldim. Milliy va zamonaviy ko‘rinishga ega uy-mehmonxonalar faoliyati bilan tanishdim. Burchmullada chodirlar shaharchasi tashkil etilibdi. Uch kun miriqib hordiq chiqardim. Ayniqsa, u yerning qatpatiri, go‘jasining ta’mi og‘zimda qoldi...

Viloyat hokimligining iqtisodiyot bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, 2013-2015-yillarga mo‘ljallangan tegishli dasturda ko‘zda tutilgan ishlarni amalga oshirish uchun 77,7 million AQSh dollari sarflanadi.

– Buning samarasida viloyat sayyohlik salohiyatining yangi qirralari ochiladi, – deydi «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasining Toshkent viloyati mintaqaviy bo‘limi mutaxassisi Jamshid G‘oziyev. – Hududdagi qadimiy yodgorliklar va muqaddas qadamjolar rekonstruksiya qilinib, asl holiga keltiriladi. Sayyohlik markazlariga eltadigan yangi yo‘llar quriladi, mavjudlari kengaytiriladi. Turizm obyektlarining infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi. Sayyohlar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida turistik markazlarga yaqin hududlarda zamonaviy mehmonxonalar, turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bunyod etiladi.

Ayni kunlarda viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 21-iyulda qabul qilingan farmoyishiga muvofiq o‘tkaziladigan “Ipak yo‘lida turizm” yigirmanchi Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bunday ulug‘vor ishlar ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada oshirish, aholining turmush darajasini yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaldagi ifodasidir.