Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekosayyohat yoshlarga quvonch bag‘ishladi
14:11 / 2025-08-28

Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Ekoturizm — yoshlar nigohida” shiori ostida yoshlar uchun sayohat tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni rivojlantirish va yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi.

Ishtirokchilar avvalo Sirdaryo daryosi bo‘yida hashar o‘tkazib, sohilni turli chiqindilardan tozalashdi. Keyin esa tabiat qo‘ynida sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlarda qatnashdilar.

Sayohat doirasida yoshlar bu yil faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, 200 o‘ringa mo‘ljallangan “Sirdaryo” bolalarni sog‘lomlashtirish va dam oldirish oromgohi bilan ham tanishdilar. E’tiborlisi, oromgohga qarashli 10 gektar maydonga 3 mingdan ziyod manzarali va mevali daraxt o‘tqazilgan. Yotoqxonalar konditsioner va televizor bilan jihozlangan, sport maydonlari, basseyn, amfiteatr kabi barcha qulayliklar yaratilgan.

Tadbir chog‘ida sportning stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha bellashuvlar hamda “Siz kasaba uyushmalari haqida nimalarni bilasiz?” mavzusida viktorina o‘tkazildi. Yoshlar interaktiv savol-javob orqali kasaba uyushmalarining 120 yillik tarixi, xalqchil faoliyati va a’zolikning afzalliklari haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

– Atrof-muhit rang-barangligidan bahra oldik, oromgohdagi sharoitlar esa meni hayratga soldi, – deydi Guliston ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘qituvchisi Umidjon Shaimqulov.

– Tabiat uyg‘unligidagi bunday tadbirlar juda muhim. Oromgohdagi bir kunning o‘zi ruhiyatga katta ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi, – deya qo‘shimcha qiladi viloyat ekologiya boshqarmasi mutaxassisi Hilola Jo‘rayeva.

O‘KUF Sirdaryo viloyati Kengashi yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi Erkin Ahmedov ham sayohat ahamiyatiga to‘xtalib, shunday dedi: – Bugungi global muammolar ichida ekologiya masalasi alohida ahamiyatga ega. Yoshlarda tabiatga e’tibor, uni asrab-avaylash madaniyatini shakllantirish — asosiy vazifamizdir. Bu sayohat orqali yoshlar nafaqat daryo sohillarini tozalashda qatnashdilar, balki atrof-muhitga daxldorlik hissini ham oshirdilar. Oromgohdagi zamonaviy sharoitlar esa ularga sog‘lom dam olish, bilim va ko‘nikmalarini oshirish, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash imkonini bermoqda. Kasaba uyushmalari yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni kelgusida ham ustuvor vazifa sifatida davom ettiradi.

Bellashuv g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Xususan, Guliston agrotexnologiyalar texnikumi hisobchi yordamchisi Shahzoda Hamidullayeva — daryo bo‘yini tozalashdagi faolligi uchun, Boyovut tumani tibbiyot birlashmasi feldsheri Otabek G‘ulomov — stol tennisi bo‘yicha, Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi vakili Feruza Sariyeva esa shaxmat bo‘yicha g‘olib deb topildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri