Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekoreyd: Yangiyo‘ldagi g‘isht zavodi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi (+video)
21:11 / 2025-11-27

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida atrof-muhit muhofazasiga doir o‘rganishlar davomida tuman prokuraturasi, ekologiya bo‘limi va ichki ishlar xodimlari “Sahovat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Laylak star” MCHJ faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

G‘isht ishlab chiqarayotgan mazkur zavod ko‘zdan kechirilganda, havoga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar, xususan, rezina shinalar yoqilayotgani aniqlandi.  

Mazkur zavod yon-atrofida istiqomat qilayotgan aholi vakillari bu yerdan chiqayotgan zaharli tutundan aziyat chekishayotganidan e’tiroz bildirdi.  

3 gektar hududda faoliyat olib borayotgan ushbu g‘isht zavodida 40 nafar ishchi ishlaydi. O‘rganishlarda ekologik talablarga rioya etilmayotgani, zarur filtr o‘rnatilmagani aniqlanganligi uchun ma’muriy tartibda chora ko‘rilib, zavod faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.  

Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borki, zavod rahbari g‘isht zavodlari uchun mo‘ljallangan filtrni topa olmayotgani, qayerdan olish mumkinligi haqida hech kim bilmasligidan e’tiroz bildirdi.

—  Kerakli filtr uskunasini qo‘yishga harakat qilganmiz. Ammo o‘sha uskunaning o‘zini topish muammo. Masalan, issiqxonaga qo‘yiladigan yoki g‘isht zavodiga qo‘yiladigan uskunani ekologiya xodimlari tavsiya qilishi kerak. Davlat standartiga javob beradigan uskunani qayerdan olishimiz kerakligini aytishsa, olgan bo‘lardik, — deydi tadbirkor.

Atmosfera havosini ifloslantirayotgan holatlarni bartaraf etish —ekologiya musaffoligini ta’minlash va aholi salomatligini asrashda muhim. Shunday ekan, har bir inson tabiatga zarar yetkazishdan o‘zini tiyishi, shaxsiy daromad ilinjida ekologik muammolarni yanada avj oldirmasligi lozim.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SiI2coj6KLQ" title="Ekoreyd: Yangiyo‘ldagi g‘isht zavodi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhtarama Komilova, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA