Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekoreyd: 15 ta ob’ektda qurilish vaqtincha to‘xtatildi
10:57 / 2025-11-27

Poytaxtimizda havo sifatining o‘ta zararlanib qolgani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ma’lumki, davlatimiz rahbarining “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolanib, uning doirasida bir qator amaliy tadbirlar qat’iylik bilan olib borilmoqda. Ekologik reydlar tashkil etilib, zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi, Energoinspeksiya va Qurilish inspeksiyasi hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Toshkent shahrining 12 tumanidagi qurilish ob’ektlari kompleks o‘rganildi. Jarayonga 140 nafar xodim jalb etildi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tadbirlar davomida 96 ta qurilish ob’ekti o‘rganildi. Shundan 60 ta holatda havoning chang va qum bilan ifloslanishining oldini olish bo‘yicha majburiy talablar buzilganligi aniqlandi. Shuningdek, 47 ta holatda  qurilish maydonining 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha talab bajarilmagan.  

Huquqbuzarliklarga qarshi qat’iy chora ko‘rildi. Jumladan, 15 ta ob’ektda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi, 70 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi, 68 nafar shaxs rasmiy ogohlantirildi.

Bundan tashqari, 24 ta ob’ektda suv yuvish moslamalari o‘rnatilishi ta’minlandi, 62 ta ob’ektda esa avtomashinalar shinalarini yuvish uchun basseynlar yaratildi.

Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar davom etmoqda.  

Muhtarama Komilova,

O‘zA