Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekopartiya va uning deputatlik birlashmalari oldidagi vazifalar belgilab olindi
10:53 / 2024-11-28

Shu yil 18 va 20 noyabr kunlari davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlislaridagi chiqishlarida bir qator ekologik masalalar, ularni hal etish bo‘yicha olib borilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida so‘z yuritgan edi. Shuningdek, kelgusi besh yillikdagi ustuvor yo‘nalish va vazifalarga to‘xtalib o‘tgandi.

Ushbu masalalar O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi hamda partiya fraksiyasining kelgusi 5 yillikdagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida keng muhokama qilindi.

Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar, partiyaning Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlari raislari va partiya xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan partiya yetakchisi, fraksiya rahbari Abdushukur Hamzayev kelgusidagi vazifalar, 2025 yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilinganining ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi:

– So‘nggi yillarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yashillikni ko‘paytirish, suv taqchilligining oldini olish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. 2025 yilning yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi esa islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. 2025 yilning bunday nomlanishi ekologlar, atrof-muhitga befarq bo‘lmaganlar uchun katta yutuq, deya bemalol aytish mumkin. Sababi yil davomida ushbu yo‘nalishda olib boriladigan ishlar, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlari va dasturlarning qabul qilinishi mamlakatimiz ekologik barqarorligini ta’minlash yo‘lida shubhasiz, katta samara beradi. Buni chuqur his qilgan holda partiyamiz fraksiyasi bu borada lokomotiv bo‘lishi kerak.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi, mahalliy Kengash deputatlari hamda partiya guruhlari o‘rtasida hamjihatlikda ish olib borishni yanada kuchaytirish lozimligi qayd etildi. Yuzaga kelayotgan ekologik masalalar bo‘yicha ta’sirchan munosabatni shakllantirish, joylarda jamoatchilik monitoringi, jamoatchilik eshituvlarini olib borish, ekologik qoidabuzarliklar yoki atrof-muhitga zarar yetkazilishining oldini olish bo‘yicha deputatlik so‘rovlarini chiqargan holda mutasaddilarning mas’uliyatini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Kengaytirilgan yig‘ilishda partiya hamda fraksiya oldidagi vazifalar belgilab olindi, faoliyatga oid yana bir qator masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA