Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekopartiya fraksiyasining yarim yillik faoliyati ko‘rib chiqildi
16:13 / 2025-07-09

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan 2025 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida fraksiya qonun ijodkorligi jarayonlarini yanada takomillashtirish, saylovchilar bilan muloqotni kuchaytirish, joylarda fuqarolarni o‘ylantirib kelayotgan tizimli muammolarni tahlil qilib borish, partiyalararo raqobatni rivojlantirish hamda ijro organlari faoliyati ustidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratgan.

Qonun ijodkorligi yo‘nalishida fraksiya a’zolari deputatlar tashabbusi bilan Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan 5 ta qonun loyihasiga ham tashabbuskor bo‘ldi.

Fraksiya tomonidan hisobot davrida chiqindilar sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, atrof-muhit monitoringi samaradorligini oshirishga qaratilgan 6 ta qonun loyihasi ustida ish olib borilgan.

Shuningdek, qonun loyihalarini joylarda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish maqsadida fraksiya tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan hamda Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalarini partiya quyi bo‘g‘inlarida keng muhokama qilish, tanishtirish, qonun loyihasiga asosli, aniq xulosa va takliflarni olish yo‘lga qo‘yilgan.

Yig‘ilishda parlament hamda deputatlik nazoratini olib borishda fraksiya tashabbusi bilan tegishli vazirliklarga parlament so‘rovi yuborilgani qayd etildi.

Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq, har oyning oxirgi haftasida fraksiya a’zolarining o‘z saylov okruglaridagi o‘rganishlari tashkil etilgan. Aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan davlat, xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 26 marotaba deputatlik so‘rovi yuborilgan.

O‘rganishlar davomida deputatlar tomonidan saylov okrugidagi jami 182 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 270 ta xonadonga tashrif buyurilib, 281 ta uchrashuv o‘tkazilgan, 227 ta ijtimoiy soha ob’ektining faoliyati bilan yaqindan tanishilgan.

O‘tgan vaqt davomida quyi palatadagi fraksiya a’zolari nomiga fuqarolardan 133 ta elektron shakldagi murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati o‘z yechimini topgan.

N.Nasriyev,

O‘zA