Bugungi kunda har bir hududda turli qurilish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda. Qurilish kompaniyalari, tadbirkorlar zamonaviy ko‘rinishdagi bino va inshootlarni barpo etmoqda. Ammo qurilish jarayonlari ekologiyaga, tabiatga, yashillikka raxna solmasligi kerak. Bu borada mamlakatimizda turli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilingan.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda developer Toshkent shahrida uy-joy qurilishini amalga oshirish jarayonlarida daraxtlar xalaqit qilayotganini aytib, ularni kesishga cheklovni olib tashlashni taklif qildi. Tadbirkorning fikriga ko‘ra, baribir daraxtlar kesilayotgan emish. Shu sababli kesiladigan daraxtlarning o‘rniga avvaldan bir necha karra ko‘p daraxt ekilishi kerakligini bildirdi.
Tadbirkorning ushbu taklifi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi va deputatlari tezkorlik bilan o‘z munosabatini bildirdi. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputati javlon Abdullayev quyidagilarni ma’lum qildi:
“Suv tanqisligi va global issiqlik kabi muammolar yurtimizda kun sayin sezilarli tus olayapti. Bu holatda kelajak avlod uchun har bir daraxtni asrab qolishimiz o‘ta muhim vazifa hisoblanadi. Bitta daraxtni katta qilib o‘stirish uchun kamida o‘n yillab vaqt, sabr va doimiy parvarish talab etiladi.
Har bir yetuk daraxt kislorodni chiqarish orqali havoni tozalashi, shovqin darajasini pasaytirishi, haroratni tartibga solishi, tuproq eroziyasining oldini olishi kabi vazifalarni bajarishini nahotki developer bilmasa!?
Shu bilan birga, moratoriy bejizga e’lon qilingani yo‘q. Agar u joriy etilmaganida, bugungi kunda biz cho‘lda qolgan bo‘lar edik. Moratoriyning ahamiyati juda katta — ayrim noqonuniy daraxt kesish holatlaridan tashqari, ushbu chora-tadbir tufayli 98 foizdan ortiq daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi olti oyi davomida daraxtlarni kesish bo‘yicha kelib tushgan 3 ming 235 ta ariza rad etilgani natijasida 453 ming 238 ta daraxtni kesishning oldi olindi. Rad etilgan arizalarda ko‘rsatilgan daraxtlar orasida 86 ming 309 tasi qimmatbaho navlarga mansub ekani ma’lum qilindi.
So‘nggi paytlarda “qayta ekish” nomida ko‘chirilayotgan yoki yangi ekilgan ko‘chatlarning aksariyati ko‘karmayotgani, qurib qolayotganini jamoatchilik ko‘rib, kuzatib turibdi. Bu kabi tadbirlar, tabiatni asrash emas, aksincha, faqat daraxtlarni yo‘q qilish orqali ekologiyani yanada yomon ahvolga solayotganini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, bu kabi yondashuv nafaqat ekologik muvozanatga, balki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida mustahkamlangan atrof-muhitni muhofaza qilish tamoyillariga mutlaqo zid hisoblanadi. Agar har kim daraxtni o‘z hududidagi to‘siq sifatida ko‘rib, uni kesishni “muqobil ekish” bilan almashtirsa, bu – tabiatga qarshi ochiqchasiga tajovuz, ya’ni ekologik jinoyat sanaladi.
Rivojlangan mamlakatlarda noqonuniy kesilgan har bir daraxtning hatto santimetri uchun moliyaviy javobgarlik belgilangan. Ayrim hollarda developerdan yerni qaytarib olishgacha boriladi, daraxtlarni kesish emas, hattoki shikastlangan va qurib qolish xavfi ostidagi daraxtlarni “tiriltirish” bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bunday yondashuvlar tabiatni muhofaza qilishda samarali natija bermoqda. O‘zbekistonda ham bu borada keskin choralar ko‘rish, qonunchilikka ana shunday ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish vaqti yetib keldi.
Biz, Ekopartiya deputatlari tadbirkorlarning bu kabi tabiatga beshafqat munosabatlari va takliflariga mutlaqo qarshimiz. Bu kabi chuqur tahlil qilinmasdan bildirilgan takliflar kelgusida tabiatga befarqlik bilan yondashish va ekologik barqarorlikka tahdid soluvchi holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuni qat’iy ta’kidlaymiz: har qanday rivojlanish, bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari ekologik manfaatlar hisobiga emas, ular bilan muvozanatda olib borilishi lozim.
Qonunchilik tashabbusi sifatida renovatsiya loyihasini amalga oshirishda zarar yetkazilishi mumkin bo‘lmagan ob’ekt sifatida moratoriy e’lon qilingan daraxt va butalarning joylashgan joyini qonuniy mustahkamlashga astoydil harakat qilamiz.
Ekopartiya #men_daraxt_kesilishiga_qarshiman xeshtegi ostida ona tabiatimizni asrash bo‘yicha aksiyalarini o‘tkazadi va ularda barcha faol fuqarolarimizni ishtirok etishga chaqirib qolamiz” deyiladi partiya deputatining munosabatida.
Darhaqiqat, ekologik tajovuzlar ortib borayotgan bugungi kunda yurtimizda yashil maydonlarni kengaytirish, yashillik darajasini ko‘paytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ekologik masalalarni yumshatishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgan bir paytda moratoriyni bekor qilish taklifi achinarli holat. Bugun Ekopartiya deputati munosabatida qayd etilganidek, suv tanqisligi oqibatida mavjud daraxtlarni saqlab qolish, yangi nihollarni ko‘kartirishning o‘zi amrimahol bo‘lib qolmoqda. Shunday ekan, tadbirkorning ushbu taklifiga nisbatan bildirilgan munosabat juda o‘rinlidir.
Muhtarama Komilova tayyorladi, O‘zA