Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekopartiya: 2030 yilgacha dvigatelli yengil avtomobillar harakatlanishini cheklash lozim
13:52 / 2025-12-02

Bugungi kunda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish eng asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Bu borada qator hayotiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Prezidentimizning 2025 yil 24 noyabrda qabul qilingan “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan ayni kunlarda kuzatilayotgan atmosfera havosi yomonlashuvini keskin kamaytirishga qaratilgan ishlar izchillik bilan olib borilmoqda.  

Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham tabiatni asrash va uni kelajak avlod uchun sof holda yetkazish uchun qattiq choralarni ko‘rish lozimligini qo‘llab-quvvatlagan holda bir qator tashabbuslarni ilgari surmoqda.  

Jumladan, 2030 yilga qadar bosqichma-bosqich poytaxt va yirik shaharlarda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillar harakatlanishini cheklash, me’yordan ortiq ifloslantiruvchi moddalar chiqarilgani uchun kompensatsiya to‘lovlarini 10 barobargacha oshirish, yuk tashishni yirik yuk mashinalaridan temir yo‘llarga va atrof-muhitga kamroq ta’sir ko‘rsatadigan boshqa transport turlariga o‘zgartirishni taklif etmoqda.  

Bundan tashqari, qurilish uchun daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish bahonasida ularni nobud qilish holatlariga chek qo‘yish maqsadida o‘n yildan oshgan daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazishni qonunan man etish shartligini ilgari surmoqda.

O‘z navbatida, Ekologik partiya atrof-muhit muhofazasi yo‘lida bir qator chora-tadbirlarni belgilab olgan. Xususan, partiya qoshida partiya faollari, ekolog olimlar va davlat tashkilotlari vakillaridan iborat Maxsus shtab tuzilib, ekologik reydlar o‘tkazilmoqda.  

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi muammolarning oldini olish va hal etishga qaratilgan xorijiy tajribaga asoslangan ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida partiya “Olimlar korpusi” jalb etildi.  

Shuningdek, aholi, tadbirkorlar, umuman, jamiyatdagi barcha qatlamning ekologik bilimlari va madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida majmuaviy targ‘ibot dasturi ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, partiya atrof-muhitni muhofaza qilishni takomillashtirish, sohada qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish hamda moliyaviy sanksiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar boshlanganini ma’lum qildi. Jumladan, “Atrof-muhit monitoringi to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi ustida ish boshlab yuborilgan.

Umuman, Ekopartiya aholi salomatligi, fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ekologik islohotlarda faol ishtirok etib, tabiatni asrashda bosh-qosh bo‘lishga bel bog‘lagan.

Muhtarama Komilova,

O‘zA