Turkiyaning “Ekonomi Ulke” jurnalida “O‘zbekiston turk investorlariga qulay shart-sharoitlar taklif qilmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi.
Ushbu materialda mamlakatimizdagi investitsiya muhiti, xususan turk sarmoyadorlariga yaratilayotgan qulaylik, yurtimizning savdo va investitsiya sohasidagi imkoniyatlari batafsil tahlil qilingan. Shuningdek, muallif Turkiya savdo vaziri Omer Bolatning quyidagi fikrlarini iqtibos sifatida keltirgan:
– Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakat yetakchilari tomonidan belgilangan strategik sheriklik darajasi savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika va investitsiya sohalarida yangi imkoniyatlar ochyapti. Natijada o‘zaro savdo aylanmasi barqaror o‘sib boryapti. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga chiqarish rejalashtirilgan.
Maqola respublikamizda faoliyat olib borayotgan “Kos Construction”, “Nobel Pharmsanoat”, OSTIM, ODAS, “CCI Uzbekistan”, “Aksa Enerji” singari kompaniyalar tajribasi xususidagi ma’lumotlar bilan boyitilgan.
– Turkiyalik ishbilarmonlar fikricha, O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar, sanoat klasterlari va infratuzilmaviy loyihalar mavjud investitsiya salohiyatini namoyon etib, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etilishiga xizmat qilmoqda, – deb yozadi nashr. – Ayniqsa, mahalliy mutaxassislarning yuqori malakasi va qat’iy mehnat intizomi hamkorlikdagi faoliyat samaradorligini ta’minlamoqda.
G.Sattorova, O‘zA