Buxoro viloyati Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan “Milliy gvardiya organlari tomonidan ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik ishlari yuritishning mavjud muammolari va yechimlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda shahar va tumanlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, aholi punktlarining infratuzilmasini rivojlantirish va hududlarni obodonlashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Zamon talablariga mos bir qator turar joy binolari, ma’muriy va madaniy-maishiy binolar, ta’lim, sport va tibbiyot muassasalari, yangi istirohat bog‘lari va xiyobonlar bunyod etilmoqda. Shahar va tumanlar hududlarining yanada obod bo‘lishi uchun mavjud madaniy-meros ob’ektlari, bunyod etilgan bino-inshootlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan qarash, viloyatni yanada go‘zal va maftunkor bo‘lishi yo‘lida har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishga harakat qilishi lozim.
Ozodalik va tartibni saqlash, ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlarini yanada yaxshilash, “Yashil makon” dasturining ijrosini ta’minlash, har bir bino, inshoot va uy-joylarni talab darajasida saqlash ustuvor vazifalardan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 iyuldagi “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalardagi qonunchilik takomillashtirishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qonuni imzolangan edi. Mazkur qonun joriy yilning 13 oktyabr kunidan kuchga kirdi.
[gallery-14111]
– Endilikda MJTKning 248/1-modasidagi o‘zgartirishlarga muvofiq, ekologiya xodimlari bilan bir qatorda Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari tomonidan ham ekologiya va atrof muhitni himoya qilish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash va bayonnoma rasmiylashtirish ishlari amalga oshiriladi, – deydi Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasining Jamoat tartibi bo‘yicha o‘rinbosari Maqsud Shonazarov. – Qonun kuchga kirgandan so‘ng o‘tgan besh kun mobaynida olib borilgan targ‘ibot ishlari davomida fuqarolar asosan ogohlantirilgan bo‘lsada, ekologiya sohasida 20 ga yaqin qo‘pol qonun buzilish holatlari sodir qilingan. Natijada fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli tartibda choralar ko‘rilishi ta’minlangan.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, joriy yilning boshidan hozirgi kunga qadar hamkorlikda va mustaqil ravishda ma’muriy bayonnomalar tuzilib kelinmoqda. Ekologiya xodimlari bilan hamkorlikda 50 dan ziyod ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. O‘simlik dunyosidagi mavjud daraxtlarni asrash bo‘yicha 100 ga yaqin korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilgan. “Qizil” kitobga kiritilgan o‘simlik va hayvonot olamini saqlab qolish va yo‘q bo‘lib ketishini oldini olish maqsadida 30 ga yaqin reydlar o‘tkazilgan.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan aniq javob oldi. Jurnalistlar Buxoro viloyati Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash boshqarmasida xodimlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, xizmatda foydalanadigan asbob-uskunalar bilan tanishdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari