O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘zining yangi Saylovoldi dasturida ekologik qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha bir qator yangi qonun va strategik hujjatlarni qabul qilish lozimligini taklif etmoqda. Xususan, partiya Ekologiya va O‘rmon kodekslarini qabul qilishni ilgari surmoqda.
Bundan tashqari, atrof-muhit monitoringi tizimini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish, prognozlashtirish orqali atrof-muhitga salbiy ta’sir yuzaga kelishining oldini olish, shuningdek, tabiiy resurslardan foydalanishni tizimli ravishda kuzatish, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasida davlat nazorati yuritilishini baholash, axborot bilan ta’minlash maqsadida “Atrof-muhit monitoringi to‘g‘risida”gi qonunni, aholining ekologik axborotga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash maqsadida “Ekologik axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish ilgari surilmoqda.

Shuningdek, “Tabiatni tiklash to‘g‘risida”gi, “Kimyoviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi, yangi tahrirdagi “Chiqindilar to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunlarni ishlab chiqish taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, partiya davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydigan Barqaror ekologik rivojlanish strategiyasini, qishloq xo‘jaligi, sanoat va iqtisodiyot tarmoqlarida suvdan samarali foydalanishga qaratilgan Milliy dasturni qabul qilish tarafdoridir.
Sohaning huquqiy asoslari mustahkam bo‘lsa va ekologik qonunchilikka amal qilinsa, ko‘pgina ekologik muammolarni bartaraf etish va ularni yumshatishga erishish mumkin bo‘ladi. Bu esa har birimizning ekologik madaniyatimizga borib taqaladi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi esa ekologiyaga oid qonun hujjatlarini mustahkamlash va aholining bu yo‘nalishdagi madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashish maqsadida siyosiy maydonga chiqmoqda. Partiyaning bu kabi g‘oya va tashabbuslari saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA