Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologiya va sanitariya sohasida yechimini kutayotgan dolzarb masalalar bor
16:49 / 2023-10-24

Yurtimizda “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida ”gi qonun joriy yilning 13 oktyabridan kuchga kirdi. Ushbu hujjat toza havo va qulay muhit, sog‘lom ekologik vaziyat hamda tabiatni muhofaza qilish orqali odamlar uchun qulay sharoit yaratish borasidagi inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Kundalik turmush tarzimizdan ma’lumki, ekologiya va sanitariya sohasida yechimini kutayotgan bir qator dolzarb masalalar bor. Ammo tegishli organlar, davlat sanitariya nazorati tashkilotlarining mavjud imkoniyatlari bu boradagi ishlarni tartibga keltirishda yetarli kuchga ega emasligi kunday ravshan. Shu jihatdan, mavjud qonun hujjatlarini takomillashtirish, hayotimiz uchun o‘ta zarur bo‘lgan atrof-muhit ozodaligini saqlash, muhofaza qilish maqsadida Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlariga ekologiya va atrof-muhit tozaligiga rahna soladigan shaxslarga nisbatan qonunan chora ko‘rish, ma’muriy javobgarlikka tortish vakolatlari berilgani o‘z samarasini berishi shubhasiz.  

Mazkur qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran Milliy gvardiya, Ichki ishlar organlari va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda reyd tadbirlarini o‘tkazishga kirishildi. Profilaktik ishlar olib borilmoqda. Chiqindilarning noto‘g‘ri joyga tashlanishining oldini olish, fuqarolar va tadbirkorlarga sanitariya-ekologik qoidalarni eslatib turish va qonuniy javobgarlik haqida ogohlantirilmoqda.  

Bundan tashqari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda yangi loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.  

– Loyihaning maqsadi ko‘chalarda, bog‘ va xiyobonlarda, shahar va qishloq mahallalarida ozodalikni saqlashdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi axborot xizmati boshlig‘i Davronbek Jumanazarov. – Darhaqiqat, tabiatni asrash, atrof-muhit ozodaligini ta’minlash bitta tashkilot yoki mahalla mas’ullarininggina vazifasi bo‘lmay, keng jamoatchilikning e’tiboridagi yumushdir.  

Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha orqali yurtdoshlarimizga ko‘chalarimiz tozaligi va o‘z salomatligi haqida g‘amxo‘rlik qilish madaniyatini singdirish va ularni ozodalikka o‘rgatish maqsad qilingan.  

Xo‘sh, odamlarga bu madaniyat qanday singdiriladi?  

– Albatta, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda loyihaning sahifalari va akkauntlardagi postlar, videolar orqali tushuntirish yo‘li bilan, –deydi D.Jumanazarov. – Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunbuzarliklar uchun qonunchiligimizda nazarda tutilgan javobgarlikni muntazam eslatib o‘tamiz. Chiqindini noto‘g‘ri joyga tashlaganlik uchun jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida tez kunlarda telegram bot ishga tushadi. Bu, albatta qiziqarli jarayon bo‘ladi. Masalan, ko‘cha tozaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish mavzusida yozadigan yoki suratga oladigan fuqarolar, jurnalist va blogerlar o‘rtasida turli tanlovlar o‘tkaziladi. Eng toza mahalla yoki eng toza tumanlar reytingi tuziladi. Turli xil tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.  

Shuningdek, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, aholining ekologik madaniyatini oshirish borasida o‘tkazilayotgan navbatdagi reydlar davomida fuqarolar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar aniqlandi. Respublika bo‘yicha 5 kun davomida Milliy gvardiya organlari tomonidan sanitariya va ekologiya sohasida 1 ming 169 ta huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lib, ularning 396 tasi bo‘yicha chiqindini noto‘g‘ri joyga tashlaganligi uchun bayonnomalar tuzildi.  

Eslatib o‘tamiz, maishiy va qurilish chiqindilarini, shuningdek, noma’lum joylarga suyuq maishiy chiqindilarni to‘kib tashlaganlik uchun fuqarolarga 3 million 300 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 9 million 900 ming so‘mgacha miqdorda jarima solinadi.  

N.Rahmonova, O‘zA