Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mas’ul xodimining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mas’ul xodimi 2022 yil davomida Koson tumanida faoliyat olib borayotgan 41 ta fermer xo‘jaligi ustidan noqonuniy tekshirish o‘tkazgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 sentyabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan «Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Nizomning 59-bandi 2-qismiga ko‘ra, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari o‘z vakolatlari va nazorat sohasidan tashqari masalalar bo‘yicha har qanday tekshiruv o‘tkazmasligi hamda tekshiruvlar qonunchilikda belgilangan tartibda axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng amalga oshirilishi, shuningdek, o‘tkazilgan tekshiruvlar bo‘yicha zarur hujjatlarning o‘z vaqtida axborot tizimiga kiritilishi uchun javobgar ekanligi belgilangan bo‘lsa-da, mazkur tekshirishlar ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan qolgan.
O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 241-2-moddasiga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Shunga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mas’ul xodimiga nisbatan 12 million so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA