Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologiya va atrof-muhitni asrash – dolzarb vazifa
19:11 / 2023-07-24

Munosabat

Ma’lumki, 2023 yil 14 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida Shavkat Mirziyoyev qasamyod qabul qildi va O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga kirishdi.  

Darhaqiqat, mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim va mas’uliyatli bu siyosiy jarayon xalqimiz bilan birgalikda tanlangan va amalga oshirilayotgan milliy taraqqiyot yo‘limiz naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir bor tasdiqladi.  

Shu bilan birga, yangi saylangan Prezident tomonidan kelgusi yetti yilga mo‘ljallangan ustuvor maqsadlar sifatida barcha jabhadagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, mamlakatning bundan keyingi davrdagi taraqqiyoti, aholining yanada farovon turmushini ta’minlashga e’tibor qaratilgani keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.  

Shuningdek, Prezident ekologiya, atrof-muhitni asrash va suv tanqisligi muammolarining oldini olishga qaratilgan masalalarni ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatib o‘tgani alohida e’tiborga molik.

Sababi, bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlar, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va ekologiya bilan bog‘liq muammolar hamjamiyat oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Jahon yalpi ichki mahsuloti, aholi sonining o‘sishi, insoniyatning atrof-muhitga salbiy ta’siri va global energiya resurslarining cheklanayotgani ekologik muammolarning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.  

Shuni ham aytib o‘tish joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qabul qilinayotgan aniq maqsad va vazifalarni o‘zida jamlagan farmon va qarorlar, tasdiqlangan dasturlar ijrosi doirasida ko‘rilgan chora-tadbirlar ijobiy natijalarni bermoqda. Jumladan, Orolbo‘yi hududini rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi ishlab chiqildi, O‘zbekiston Parij bitimini ratifikatsiya qildi. Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi tashkil etildi, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlandi.  

O‘zbekiston "2019-2030 yillar davrida mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi”ni qabul qildi, mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.  

Shu o‘rinda Prezident o‘z nutqida ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining oldini olish bundan buyon ham dolzarb vazifa bo‘lib qolishini qayd etdi. Xususan, davlat rahbari o‘z nutqida “...biz dunyodagi eng katta ekologik ofat – Orol fojiasini bevosita o‘z boshidan kechirayotgan xalqmiz. Shuning uchun hozirgi vaqtda respublikamizda bebaho ekologik tizimni saqlash va mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar, jumladan, "Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda...", deya qayd etdi.  

Shunday ekan, mazkur dasturlarni amalga oshirish orqali ekologik muammo va iqlim o‘zgarishi sharoitida dunyo hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lgan Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 500 ming gektar yashil maydonlarni barpo etish orqali 2026 yil yakuniga qadar ularning umumiy hajmi 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkazish bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqada ekologik barqarorlik tiklanishiga erishish ta’minlanadi.  

Hududda Orolbo‘yida xalqaro “Yashil iqlim” va Global ekologik jamg‘armalarning bioxilma-xillik, iqlim o‘zgarishi va tuproq yemirilishining oldini olishga qaratilgan dasturlari asosida loyihalarni amalga oshirish ham ekologik muammolar bugungi kunning dolzarb masalasi ekanini tasdiqlab turibdi.  

Xulosa qilib aytganda, Prezident nutqidagi ekologiya va atrof-muhit masalasi davlat boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolarni tabiatni muhofaza qilish, aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishga hamda ekologik xavfsizlik muammolarining oldini olishga safarbar qiladi.  

Avazbek XOLBEKOV,  

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti.

O‘zA