Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritiladi
17:24 / 2023-08-21

Prezidentimizning 2023 yil 31 maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.

Ayrim hollarda tabiatga va jamiyatga tiklab bo‘lmas darajada zarar yetkazilmoqda. Hududlarda, ayniqsa, shaharlarda havo ifloslanishi bo‘yicha holat tobora yomonlashib borayotir.    

Atmosferaga chiqariladigan tashlanmalarning yukini kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan. Daraxtlar va butalar kesilishiga moratoriy e’lon qilingan bo‘lishiga qaramay, 44 mingga yaqin, shundan 9,5 mingga yaqin qimmatbaho daraxt noqonuniy kesilgan. Oqibatda tabiatga 36 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.    

2022 yilda ekologik huquqbuzarliklar yuzasidan 27 holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Biroq, ularning barchasi bo‘yicha yengil moliyaviy jarima jazosi qo‘llanilgan.   

Toshkent shahar iqtisodiy sudi tomonidan Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Toshkent shahar boshqarmasida o‘tkazilgan tadbirda shular haqida fikr yuritildi.    

Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov, sudyalar, boshqarma ekolog mutaxassislari, prokuratura vakillari ishtirok etgan tadbirda ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha qilinishi zarur bo‘lgan ishlar muhokama etildi.    

– Atrof tabiiy muhitini asrab-avaylash, ekologik huquqlarni ta’minlash Konstitutsiya darajasida belgilandi, – dedi Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov. –  “Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar” deb nomlangan bobda har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga egaligi mustahkamlab qo‘yildi. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.    

Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.   

Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasida ekanligi ham qomusdan o‘rin olgan.    

Aytib o‘tish kerakki, mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar qimmatbaho navlarini kesishga muddatsiz moratoriy joriy etildi.  

Ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish, ekologik madaniyatni yanada oshirish maxsus vakolatli davlat organlarining birlamchi vazifalaridandir. Buning ijrosini ta’minlashda sudlar bilan bog‘liq ishlarni to‘g‘ri tashkil etish ham muhim.    

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, atrof tabiiy muhiti ifloslantirilgani va chiqindilar joylashtirilgani uchun kompensatsiya to‘lovi undirish bilan bog‘liq ishlar yil sayin oshib bormoqda.  

Xususan, 2022 yilda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi tashkilotlar tomonidan iqtisodiy sudlarga ushbu turkumdagi nizolar bo‘yicha 92 da’vo ariza bilan murojaat qilingan. Ularning 64 tasi o‘z tasdig‘ini topgani sababli qanoatlantirilib, 22,5 milliard so‘mdan ziyod kompensatsiya to‘lovi undirib berilgan.    

Mazkur turkumdagi ishlar 2023 yilning 7 oyi davomida birmuncha oshib, jami 348 tani tashkil etdi. Sudga kiritilgan da’vo arizalardan 232 tasi asosli deb topilib, qanoatlantirildi.    

Aytib o‘tildiki, vakolatli davlat organi bo‘lgan ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan sudga kiritilayotgan da’vo arizalarida muayyan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.    

Farmon bilan ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritilishi belgilandi.    

Moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdorini 5 baravarga oshirish, bunda, qo‘shimcha ravishda noqonuniy kesilgan daraxt o‘rniga kompensatsiyaviy daraxt ko‘chatlarini aynan daraxt kesilgan joyga ekish majburiyatini belgilash hamda yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha bo‘lgan miqdorda moliyaviy jarimalar qo‘llash joriy etilayotgani qayd etib o‘tildi.    

Sudyalar tadbir ishtirokchilariga ekologiya bilan bog‘liq iqtisodiy nizolarni ko‘rish tartibini yana bir bor tushuntirib, bu borada mas’uliyatni oshirish zarurligiga e’tibor qaratdi.  

N.Abduraimova, O‘zA