Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologiya va atrof-muhit masalalari hamon o‘z yechimini kutmoqda
11:39 / 2022-10-29

Tadqiqotlarga ko‘ra, havo ifloslanishi har yili dunyo bo‘ylab 7 millionga yaqin insonni halok qiladi.

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) tomonidan qum, chang bo‘ronlari o‘simlik qoplami cheklangan qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarda sodir bo‘ladigan xavfli atmosfera hodisasi sifatida ta’riflanadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N.Oblomurodov, «O‘zgidromet» markazi direktori Sh.Habibullayev va boshqa vazirliye, idoralar mutasaddilari tomonidan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining kelib chiqish sabablari,  ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Qayd etilishicha,  so‘nggi 100 yil davomida global miqyosda havo haroratining ko‘tarilishi 1,2 gradusni tashkil qilgan bo‘lib, mintaqamizda ushbu ko‘rsatkich 2 gradusga oshgan.

POYTAXT HAVOSI QAY DARAJADA XAVFLI?

Joylashuviga ko‘ra, Toshkent qurg‘oqchil hudud deb hisoblanmaydi. Lekin so‘nggi yillarda Toshkent shahrida jadal sur’atlar bilan olib borilayotgan qurilishlar ko‘plab daraxtlarning kesilishiga, juda katta miqdordagi qum va changning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Qurilishlar oqibatida kelib chiqayotgan chang zarralari hatto kuchsiz shamol esganda ham ko‘tariladi.  Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada atmosferaga zararli tashlanmalarning 58 foizi (1,4 mln. tonna) avtotransport vositalariga to‘g‘ri kelmoqda. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich – 93% (397 ming tonna)ni tashkil etmoqda.

AMMO...

- Har-birimiz toza atmosferada nafas olishga haqlimiz, deydi O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Otabekov.

Barchamizga ma’lumki, keyingi vaqtlarda tez-tez chang-to‘zonli ob-havo kuzatilyapti. Chang-to‘zonning inson salomatligiga qanchalik salbiy ta’siri borligi barchani birdek o‘ylantirishi tabiiy. Barcha zarrachalar bizning nafas yo‘llarimizgacha chuqur kirib borolmaydi. Buning ma’lum bir o‘lchamlari bor. Kattaligi nuqtai nazaridan 2,5 dan 10 mkm.gacha bo‘lgan zarrachalar o‘pka ichiga kirib borishi mumkin. Ammo o‘pkani ichiga tushgan zarrachalarning hammasi ham salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Albatta, nafas yo‘llari va yurak-qon tomir kasalliklarida chang-to‘zonli ob-havo salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Ayrim mutaxassislar yosh bolalarda nafas olayotgan havosi sababli o‘sishdan, rivojlanishdan orqada qolish kabi holatlar kuzatilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirishadi. Mamlakatimizda sodir bo‘lgan chang-to‘zonli havolar tarkibida ham zararli zarrachalar juda kam kuzatilgan...

Daraxtlar kesilishiga eng katta sabablardan biri qurilish ob’ektlaridir.  

Aslida bizning respublikamiz kam o‘rmonli mintaqalarga kiradi. Jami o‘rmon fondi yer maydoni 12 million gektardan iborat bo‘lib, shuning atigi 3,2 million gektari o‘rmon bilan qoplangan yerlardir. Shunday ekan, daraxtlar kesilishi faqatgina ekologik vaziyatni og‘irlashtirishga xizmat qiladi.  

QANDAY ISHLAR AMALGA OSHIRILMOQDA?  

Qayd etilishicha, joriy yilning 9 oyi davomida 648 ta sub’ektda davlat ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilib, atrof-muhitni me’yoridan ortiq ifloslantirganlik uchun 49,5 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovlari belgilangan. Shundan atmosfera havosiga me’yoridan ortiq ifloslantiruvchi moddalarni tashlaganlik uchun 9,5 mlrd. so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovlari hamda qonunbuzilishi holatlari yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan 411 million so‘m jarimalar belgilangan.

Toshkent shahrida joriy yilning o‘zida 60 dan ortiq sub’ektda ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun 13,5 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovlari, shu jumladan, atmosfera havosiga me’yoridan ortiq ifloslantiruvchi moddalarni tashlaganlik uchun 2 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovlari belgilandi. Davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida yangi ishga tushirilayotgan har-bir ob’ekt bo‘yicha samaradorlik darajasi 99,5 foizdan hamda faoliyat yuritayotgan ob’ektlar bo‘yicha samaradorlik darajasi 95,0 foizdan kam bo‘lmagan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish majburiyati qo‘yildi.

Shuningdek, sanoat korxonalaridan atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish maqsadida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan dastur asosida 270 ta korxonaning 1100 ga yaqin filtrlarini yangilash amalga oshirilmoqda. 15 ta korxonalar faoliyati ekologik talablar to‘liq bajarilgunga qadar to‘xtatildi.

Xulosa qilib aytganda, ekologiyaga qarshi tahdidlarga birgalikda kurashish shubhasiz, 7 millionga yaqin kishini o‘limdan saqlab qolishga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA