Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologiya sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar yetarlimi?
12:02 / 2025-12-03

Parlament quyi palatasi majlisida 2026 yilgi Davlat byudjeti loyihasi muhokamalarida deputat Mohira Xo‘jayeva ekologiya sohasiga qancha mablag‘ ajratilayotgani va bu mablag‘lar ekologik muammolarni bartaraf etishga yetadimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.

Bunga javoban O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov quyidagilarni ma’lum qildi:

— Barchamizga ma’lumki, so‘nggi kunlarda atmosfera havosidagi ifloslanish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan 5 ta yo‘nalishdagi milliy dastur asosida choralar ko‘riladi.  

Davlat rahbarining tegishli qarori bilan umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida maxsus davlat jamg‘armasi tashkil etildi, uning moliyaviy manbalari aniq belgilab berildi.  

Shu bilan birga, 2026 yilda 1 yanvardan boshlab tasarruf etiladigan uglerod briketlari savdosi natijasida hosil bo‘ladigan mablag‘larning 20 foizi, tabiiy muhitni ifloslantirganlik, chiqindilarni noto‘g‘ri joylashtirish oqibatidagi kompensatsiya, qonunchilikni buzganlik uchun jarimalar, utilizatsiya yig‘imlarining 10 foizi, rezina shinalari utilizatsiya yig‘imlarining 100 foizi, transport vositalarini erkin muomalaga chiqarish bo‘yicha utilizatsiya yig‘imlarining 90 foizi mazkur sohaga yo‘naltiriladi. Umuman, 2026 yilda maxsus jamg‘armaning qo‘shimcha mablag‘lari 548 milliard so‘mni tashkil qiladi.  

Sohadagi ishlar natijadorligini ta’minlash borasida esa yangi tashkil etilgan boshqaruv tizimida izchil ishlar olib boriladi, — dedi Jusipbek Kazbekov.

Shuningdek, bunga qo‘shimcha ravishda Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov maxsus jamg‘armaga 2025 yil yakuniga qadar 900 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishini, keyingi yillarda jamg‘arma mablag‘lari yanada rivojlantirilishini, umuman, ekologiya sohasiga yetarli mablag‘lar ko‘zda tutilayotganini ma’lum qildi.  

Muhtarama Komilova,  

Nosir Haydarov (surat),

O‘zA