Davlatimiz rahbarining qayd etishicha, chang-to‘zonlarning oldini olish uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon” va Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi.
Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi.
Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari hamda 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari barpo qilinadi.
Korxonalarda ekostandartlarni joriy qilish uchun kelgusi besh yilda kamida 30 ming nafar ekologiya menejeriga talab paydo bo‘ladi. Shuning uchun 2026 yilda har bir hududda “yashil” texnikumlar tashkil etilib, dual ta’lim asosida yiliga 10 ming mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi yilda Markaziy Osiyo Yashil universiteti faoliyati kengaytiriladi. Havo, suv va tuproq sifatini aniqlash imkonini beradigan kompleks laboratoriyalar tashkil etiladi. Shaharlarda tabiiy ventilyatsiyani kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Umuman, ekologiya sohasiga 2026 yilda 1 trillion 900 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
O‘zA