Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologiya sofligini saqlash – kelajagimiz bilan bog‘liq hayotiy zarurat
13:43 / 2022-06-05

5 iyun — Butunjahon atrof-muhit kuni

bugungi kunda ekologiya bilan bog‘liq muammolar butun dunyoda global tus olmoqda. Ekologiya sofligini saqlash, atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilishiga qaramay, bu boradagi muammolar ko‘paysa ko‘paymoqdaki, kamayayotgani yo‘q.  

1972 yil 5 iyunda Stokgolm shahrida BMTning atrof-muhitga bag‘ishlangan Konferensiyasida Butunjahon atrof-muhit kunini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Mazkur qarordan ko‘zlangan maqsad xalqaro hamjamiyat e’tiborini atrof-muhitni muhofaza qilish muammolari hamda global ekologik inqirozning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratishdan iboratdir. Ellik yildirki, dunyoning qator mamlakatlarida Butunjahon atrof-muhit kuni nishonlanib kelinadi, ushbu sanaga bag‘ishlab turli xil tadbirlar, jumladan, “yashil” konsertlar, ko‘rik-tanlovlar, bog‘lar yaratish, shuningdek, atrof-muhitni tozalashga qaratilgan turli ekologik aksiyalar o‘tkaziladi.  

Darhaqiqat, iqlimning keskin o‘zgarishi, cho‘llanish va yer degradatsiyasi, maishiy va sanoat chiqindilarining tobora ortib borishi, atmosfera havosining zararlanishi, suv resurslari manbalarining ifloslanishi va tanqisligi, o‘rmonlar va bioxilma-xillikning qisqarishi insoniyat uchun nihoyatda dolzarb global ekologik muammolarga aylanmoqda. Ushbu muammolarga tibbiy nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, tabiiy atrof-muhitning ifloslanishi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar tufayli har yili sayyoramizda kamida 5 yarim millionga yaqin inson vafot etishi, 2050 yilda esa bu raqam 6 million kishidan ortib ketishi mutaxassislar tomonidan ta’kidlanmoqda. 

bugungi kunda ekologiyani sof holda saqlash maqsadida dunyo bo‘ylab zaharli gazlarni havoga chiqarishni kamaytirish borasida bir qator rejalar ishlab chiqilgan. Mutaxassislarning fikricha, agar havoga zaharli moddalarning chiqishi kamaytirilmaydigan bo‘lsa, u holda yaqin kelajakda havoning ifloslanishi oqibatida yuz beradigan o‘limlar soni yana ortib boraveradi. 

Ekologik muammolarni yumshatish, atrof-muhitni asrash borasida yurtimizda ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsadlarga erishishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlanganligi, Orolbo‘yi hududida so‘nggi yillarda olib borilayotgan jahonda andozasi yo‘q iqtisodiy-ijtimoiy va ekologik o‘zgarishlarni alohida e’tirof etish zarur.  

Bundan tashqari, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida ham ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Respublika miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Birgina bahor mavsumida yurtimiz bo‘ylab 129 million 608 mingta ko‘chat ekilgan. 

Bundan tashqari, mamlakatimizda 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizdan oshirish maqsad qilib olindi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun 2030 yilga qadar bo‘lgan davr ichida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish quvvatini qariyb 16 ming MVtga yetkazish rejalashtirilmoqda.   

Bir so‘z bilan aytganda, butun Yer yuzida hamda mamlakatimizda atrof-muhit musaffoligini asrab-avaylash, insoniyat e’tiborini ekologik muammolarni yumshatishga qaratish borasida qator ishlar olib borilayotir. Tabiat va ekologiya bilan bog‘liq amaliy sa’y-harakatlar esa nafaqat bugunimiz, balki yaqin va uzoq kelajagimiz, ertamiz bilan bog‘liq muhim va o‘ta dolzarb ahamiyatga ega hayotiy zaruratdir. 

Muhtarama Komilova, O‘zA