Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologiya nazoratchilari aniqlandi
19:55 / 2026-02-13

O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada ekologik nazorat tizimini takomillashtirish, aholi va fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolariga Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi maqomi berilishiga bag‘ishlangan sertifikat va guvohnomalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Jamoatchilik kengashi a’zolari uchun tashkil etilgan ikki haftalik o‘quv kurslari yakuniga ko‘ra o‘tkazildi. Mazkur o‘quvlar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida tashkil etildi hamda jamoatchilik ekologik nazorati bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratildi.

O‘quv dasturi doirasida ishtirokchilar mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy asoslari, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ekologik ta’lim va madaniyatni shakllantirishning ustuvor vazifalari bilan tanishdi. Shuningdek, jamoatchilik ekologik inspektorlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ekologik nazoratni amalga oshirish mexanizmlari ham o‘rganildi.

Bundan tashqari, o‘quv jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish hamda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Dasturda atmosfera havosini muhofaza qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini asrash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilar bilan bog‘liq faoliyatni muvofiqlashtirish va nazorat qilish kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olindi. Mashg‘ulotlar nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashqlarni ham o‘z ichiga oldi.

O‘quv yakunida tinglovchilarga jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda ishtirok etish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini tasdiqlovchi sertifikatlar hamda Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi guvohnomalari topshirildi.

Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda qayta tayyorlash va malaka oshirish markazida 100 ga yaqin tinglovchi tahsil olmoqda. Joriy yil davomida esa mazkur yo‘nalish bo‘yicha jami 735 nafar tinglovchini o‘qitish rejalashtirilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA