Har bir insonning ertangi kuni, hayotining qanday kechishi tabiatga bog‘liq. Ayniqsa, bugungi ekologik muammolar ko‘paygan davrda hech bir insonning tabiatga befarq munosabatda bo‘lishga haqqi yo‘q. Bu yo‘lda nafaqat kattalar, ayniqsa yoshlarning faolligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent davlat yuridik universitetida “Yoshlar va ekologiya” mavzusida o‘tkazilgan seminar-treningda ham yoshlarning tabiatga munosabati, ularning tashabbuslari va faolligi haqida atroflicha fikr almashildi.

Seminar-trening davomida ekologik muammolarni hal etishda yoshlarning faolligini oshirish, ekologik tashabbuslarni ilgari surish hamda ularni amaliy loyihalar orqali qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
— Seminarning maqsadi yoshlarimizni tabiatga befarq bo‘lmaslikka, har bir kishi o‘z hissasini qo‘shishi mumkinligini anglashga chorlashdan iborat, — deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Mohinurxon Ergasheva. — Agar yoshlarimiz atrof-muhitni asrashga bel bog‘lab kirishsa, ertamiz yanada sog‘lom va yashil bo‘ladi.

Shuningdek, tadbir davomida talabalarga ekologik qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar, deputatlarning vakolatlari hamda mahalliy darajadagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdagi roli haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminar-trening ishtirokchilar uchun ekologik mas’uliyatni chuqur anglash, yashil hududlarni kengaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda fuqarolik jamiyatida faol ishtirok etish borasida boy tajriba maktabiga aylandi.
N.Rahmonova,
O‘zA