Jizzax shahridagi “Yoshlar markazi”da viloyat hokimining joriy yil 7 yanvardagi farmoyishiga asosan vohadagi umumiy o‘rta, kasbiy va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari o‘rtasida “Ekologiya bilimdonlari” intellektual tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tanlov 2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili munosabati bilan viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmalari hamkorligida tashkil etildi.
“Ekologiya bilimdonlari” tanlovida viloyatdagi 560 ta umumta’lim maktabi, 31 kasbiy ta’lim, 5 ta oliy ta’lim muassasalaridan jami 700 ga yaqin jamoa ishtirok etdi.
[gallery-21786]
2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili munosabati bilan tashkil etilgan tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad jamiyatda yoshlarning ekologiyaga oid bilimi va madaniyatini yuksaltirib borish, atrof muhitni asrash va yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalashdir.
Baholash tizimi shaffof tarzda o‘tgan intellektual o‘yinda yoshlar tabiat va ekologiya sohasi bo‘yicha olgan bilimlarini yanada mustahkamlaganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
Qizg‘in va murosasiz bahslar ostida o‘tgan bellashuvda Jizzax shahridagi 16-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, “Ekologiya bilimdonlari” intellektual tanlovi viloyat bosqichi g‘olibi, deya e’tirof etildi.
Ikkinchi o‘rin Yangiobod tumanidagi Politexnika texnikumi jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, Paxtakor tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabi jamoasi uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
G‘olib jamoalarga Jizzax viloyati ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va hamkor tashkilotlarning diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari