Ma’lumki, mamlakatimizda ekologik ekspertiza o‘tkazishning huquqiy asoslari bundan salkam chorak asr oldin qabul qilingan “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solingan edi.
Biroq ushbu qonunning ko‘plab moddalari havola xususiyatiga ega bo‘lib, amaliy mexanizmlar xalqaro talablarga mos kelmasligi ekologik ekspertiza samaradorligiga to‘sqinlik qilib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 24 fevraldagi “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi qonuni Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ekspert-konsultantlari tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan.
AOKAda tashkil etilgan brifingda Davlat ekologik ekspertizasi markazi axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yangilangan qonun o‘z faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlar hamda chet el investorlari uchun ham qulay investitsion muhit yaratishga xizmat qiladi.
Mutaxassisga ko‘ra, ekspertiza jarayonida inson omili muhim o‘rin tutadi. Shu bois, qonunga muvofiq buyurtmachi, loyihachi va ekolog-ekspertlarning huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yildi.
O‘tgan 2024 yilning o‘zida davlat ekologik ekspertizasi organlari tomonidan 32 mingga yaqin xulosa berilgan bo‘lib, shulardan 700 tasi ekologik talablarga javob bermagani tufayli rad etilgan. Bu holat loyihachilarga nisbatan qat’iy talablar qo‘yish zarurligini ko‘rsatmoqda. Hozirda yurtimizda 400 ga yaqin loyiha hujjatlarini tayyorlovchi tadbirkorlik sub’ekti va boshqa loyiha institutlarida 2000 nafarga yaqin loyihachi faoliyat yuritmoqda. Yangi qonunga ko‘ra, bunday tashkilotlar uchun reyting tizimi joriy etiladi, loyihachilar esa maxsus malaka sertifikatiga ega bo‘lishi shart qilib belgilanmoqda.
Ekolog-ekspertlarga ham qat’iy talablar belgilandi – endilikda ular vakolatli organ tomonidan attestatsiyadan o‘tishi shart.
Yangi qonunga muvofiq, ekologik xavflilik toifalari ilgari amalda bo‘lgan 4 toifadan xalqaro standartlarga mos ravishda 3 toifaga qisqartirildi. Eng muhim o‘zgarishlardan yana biri – ekologik xulosa berishda jamoatchilik fikrini inobatga olish majburiy bo‘ldi. Atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash mezonlari joriy etildi.
Faoliyatning shaffofligini ta’minlash maqsadida “Elektron hukumat” tamoyili asosida avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilmoqda. Bu tadbirkorlik sub’ektlariga davlat ekspertizasiga oid hujjatlarni onlayn tarzda taqdim etish va elektron shaklda xulosa olish imkonini beradi.
Yangi tizim amaliyotga joriy etilishi natijasida ob’ektlarning atrof-muhitga ta’siri har tomonlama baholanadi, ekologik xulosalar sifati oshadi, jamoatchilik ishtiroki ta’minlanadi. Bundan tashqari investorlar uchun ishonchli va shaffof mexanizm yaratiladi, davlat dasturlari va bosh rejalar strategik ekologik baholash asosida baholanadi. Loyihalar murakkabligiga qarab ekspertiza muddati va to‘lov miqdori aniq belgilanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA