French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik xavfsizlik milliy xavfsizlikning ajralmas qismidir
21:13 / 2025-08-15

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi keng nishonlanmoqda. “Ona diyor – ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda.

Bunday shukuhli kunlarda har bir inson o‘z sohasida amalga oshirilgan ulkan islohotlarni sarhisob qilib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oladi.

Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi sifatida aytishim mumkinchi mustaqillik O‘zbekistonga nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki ekologik mustaqillikni ham olib keldi. Davlat ravnaqi uchun atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi masalalar bugun jamiyat taraqqiyotining ajralmas qismiga aylandi.

Xususan, so‘nggi yillarda ushbu sohada qabul qilingan 20 ga yaqin qonun va normativ-huquqiy hujjatlar mamlakatimizning ekologiya siyosatida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Qolaversa, O‘zbekistonda ekologik muammolarga jiddiy va tizimli yondashuv shakllandi. Eng muhimi, bu sohadagi davlat siyosati huquqiy asosga ega bo‘ldi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi” farmonida ham mintaqada turli ustuvor yo‘nalishlar, ayniqsa, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport-kommunikatsiya infratuzilmalarini yanada rivojlantirish borasidagi yaqin hamkorlikni kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini – ekologik siyosatning uzoq muddatli strategiyasi deyish mumkin. Shuningdek, suv resurslaridan samarali foydalanish va ta’minot tizimini yaxshilashga qaratilgan Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi, chiqindilarni qayta ishlash va yo‘q qilishni tizimlashtirishga oid Qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi ushbu hujjatlar o‘tgan qisqa vaqt ichida o‘z samarasini bermoqda.

Xususan, chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish maqsadida oxirgi uch yilda barcha manbalardan 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. O‘tgan yili Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Chiqindi korxonalari uchun 1 ming 200 ta yangi texnika olib berildi. Mahallalarda chiqindi maydonchalari qurildi. To‘plash va tashib ketish yaxshilangani natijasida bu tarmoq ikkilamchi xomashyo manbaiga aylandi.

Shuningdek, 2019 — 2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasida iqtisodiy rivojlanish va tabiiy muhit o‘rtasida muvozanat tiklanmoqda. O‘tgan qisqa davrda bu sohaga qariyb 6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 milliarddan 82 milliard kilovatt-soatga yetdi. Keyingi besh yilda bu ko‘rsatkich 120 milliard kilovatt-soatdan oshib, “yashil” energiya ulushi 54 foizga yetishi reja qilingan.

Shu bilan birga, elektr tarmoqlarini yangilashga 4 milliard dollar sarmoya jalb qilinadi. Bu borada amaliy harakatlar boshlanib joriy yilda Samarqandda, kelgusi yildan yana 8 ta hududda elektr tarmoqlari tizimi xususiy sheriklikka o‘tkaziladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston ilk bor “yashil” sertifikat va uglerod birliklari savdosini boshladi. Shu yil global uglerod bozorlariga qo‘shilib, “Yashil O‘zbekiston” iqlim investitsiyalari platformasi yaratiladi.

Umuman olganda ushbu konsepsiyalar orqali O‘zbekiston o‘zining ekologiya siyosatida nafaqat muammolarni bartaraf etish, balki barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan modelni amalda qo‘llashga intilmoqda. Bu jarayondagi eng muhim jihat — ekologik siyosatning fuqaro, biznes, hukumat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikda amalga oshirilayotganidir. Zero, sog‘lom muhit va “yashil” taraqqiyot – Yangi O‘zbekistonning strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.

Mavluda Adhamjonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va 

atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA