Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik xavfsiz loyihalar amalda
10:54 / 2023-07-28

Innovatsiyalarni joriy etish korxonalar raqobatdoshligini oshirish, ularning iqtisodiy mustaqilligi va bozordagi mavqeyini mustahkamlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shuni inobatga olib so‘nggi yillarda mamlakatimizda innovatsion tadbirkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Prezidentimizning o‘tgan yil 6 iyulda qabul qilingan “2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida bu borada aniq vazifa va maqsadlar belgilangan. Innovatsion hududlar kesimida hududning muammolari yechimiga qaratilgan startap loyihalar ochiq tanlovi bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Farg‘ona viloyatida Oltiariq tumani innovatsion hudud sifatida belgilanib, o‘tgan davrda ko‘plab istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etildi.  Bu yerda yuqori samarador innovatsiyalarni joriy etish asosida ushbu hudud aholisining turmush darajasini oshirish, yuqori texnologik yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash va hududni kompleks innovatsion rivojlantirish borasida muayyan ishlar yo‘lga qo‘yildi.  

“Fromoda tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Suv asosli gul bosish bo‘yoqlari bilan resurs tejamkor, ekologik xavfsiz trafaret gul bosish ("Karusel") texnologiyasini tatbiq etish” startap loyihasi amalga oshirilmoqda. Natijada gigiyenik-ekspluatatsion xossalari yuqori bo‘lgan va xalqaro talablarga javob beradigan, raqobatbardosh va eksportbop mahsulot ishlab chiqarilmoqda.  

– Ushbu loyihani amalga oshirish orqali hududda joylashgan aholi va kichik biznes vakillariga xizmat ko‘rsatish asnosida ekologik xavfsiz bo‘yoqlar bilan trafaret usulida trikotaj mato va mahsulotlarga gul bosish texnologiyasi joriy etildi, – deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi innovatsion rivojlanish sho‘’basi mudiri O‘ktamjon Qodirov. – Mahsulot sifatining yaxshilanishi hisobiga esa kichik biznes vakillari daromadi 3 barobarga ortdi. Shuningdek, ISO 9001:2015, ISO 14001:2015 xalqaro standarti talablariga muvofiq ekologik menejmenti hamda ISO 45001:2018 xalqaro standarti talablariga muvofiq sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi boshqaruv tizimi joriy etildi.  

Ekologik xavfsiz, salomatlik uchun zararsiz va eksportbop mahsulotga qiziqish kun sayin ortib bormoqda. Zero, mazkur loyihada narxning birmuncha arzonligi, shuning barobarida sifatning yuqoriligi bosh maqsad qilib olingan.  

– Mahsulotlar sifati jahon standarti talablariga to‘liq javob beradi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar bugungi kunda MDH mamlakatlari, Rossiya va Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilinmoqda. Shu kungacha 2 milliard 796 million so‘mlik mahsulotlar sotildi, – deydi “Fromoda tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati menejeri Sobirjon Abdurahimov. – Shuningdek, “To‘qimachilik materiallarini bosib chiqarish uchun kompozitsiya” ixtirosi uchun IAP 2022 0644 ixtiro patentini ham qo‘lga kiritdik.  

M.Sulaymonov,  

O‘zA