Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik xavfning oldini olish uchun yashil taraqqiyot tamoyillari joriy etilmoqda
17:02 / 2022-05-10

Bugun insoniyat global ekologik muammolarning keskinlashuviga guvoh bo‘lmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, yuzaga kelayotgan ekologik xavfning oldini olish uchun yashil taraqqiyot tamoyillarini joriy etish zarur.

Ma’lumki, ekologik muvozanatni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilindi.  

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaning fikricha, “Yashil makon” loyihasi doirasida butun mamlakat bo‘ylab 1 milliard  daraxt ekiilishi havoni tozalash va odamlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi. Shuningdek, tashabbus O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va iqlim ta’siriga moslashish bo‘yicha Parij bitimi doirasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishini ham ta’minlaydi. 

Mamlakatda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil maydonlarni kengaytirish maqsadida 20 ga yaqin Prezident farmon va qarorlari, davlat dasturlari, strategiyalar qabul qilingan. 

Xo‘sh, bugun mazkur hujjatlar ijrosi qay darajada ta’minlanmoqda? O‘rmon fondi yerlarida yashil hududlarni rivojlantirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan qanday maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda? 

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mutaxassisi D.Boboyeva sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida quyidagilarni ma’lum qildi. 

– O‘rmon xo‘jaligi maydon jihatidan respublikamizning to‘rtdan bir qismini egallagan. Bu – tog‘lar, tog‘ oldi adirliklar, katta cho‘l sahrolari, o‘rmonlar hamda tekislik yerlaridir.  

O‘rmon xo‘jaligi sohasi mamlakatning katta boylik resurslaridan biri bo‘lganligi bois, o‘rmon barpo etish borasidagi rejalarga to‘sqinlik qiluvchi umumiy tahdidlar xavfini kamaytirish vazifasi hamisha dolzarb sanaladi. 

Ma’lumki, mamlakatimizda o‘rmonlarning degradatsiyaga uchrashi kuzatilmoqda. Issiqlik ta’minotidagi muammolar tufayli o‘rmonlarni kesish, daraxt va butalardan o‘tin sifatida foydalanish, noyog‘och o‘rmon mahsulotlari tayyorlashda tartibsizlik, nooqilona yondashuv, zararkunandalar va kasalliklar, o‘rmon yong‘inlari, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq holatlar o‘rmonlarimizga ziyon keltirmoqda. 

Ekspertlar fikriga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi tufayli tez-tez sodir bo‘layotgan bo‘ronlar va toshqinlar ozuqaviy moddalarga boy tuproq qatlamini yuvib ketayotgan bir vaqtda daraxtlar uni o‘z joyida mahkam ushlab qolib, tuproqni qo‘shimcha ozuqaviy moddalar bilan boyitadi. 

Sanab o‘tilgan muammolar o‘rmonlarni barqaror boshqarish va ulardan oqilona foydalanish masalalarini hal etish zarurligini talab qilganligi bois, o‘rmon fondining foydalanilmayotgan 1,5 ming gektar yer maydonlari o‘zlashtirilib, foydalanishga kiritildi. Foydalanilmayotgan o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish, o‘rmon xo‘jaliklariga xususiy sektor sub’ektlarini keng jalb qilish maqsadida 500 gektar yer maydonlari jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1960 yillar oxirlaridan boshlab Orol dengizining qurigan tubidan har yili 75 million tonnadan ziyod chang va zaharli tuzlar havoga ko‘tariladi. “Yashil makon” kabi tashabbuslar tuproqni himoya qilish va ortiqcha bug‘lanishni kamaytirishda hamda mahalliy mikroiqlim ni yaxshilashda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi inobatga olinib,  Orolbo‘yi mintaqasida jami 207 ming gektar, jumladan Mo‘ynoq tumanida 106 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 50 ming gektar va Xorazm viloyatida 11 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi. 

Cho‘l hududlarida “yashil qoplama”lar barpo qilish tadbirlari uchun jami 1 ming tonna, shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida 558,1 tonna saksovul, 20,7 tonna qandim, 11,5 tonna qoraburoq, Navoiy viloyatida 208 tonna saksovul, Buxoro viloyatida  75 tonna saksovul, 5 tonna qandim, 80 tonna cherkez va Xorazm viloyatida 52 tonna saksovul kabi  cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arildi. 

O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan jami 18 million dona tez o‘suvchi va boshqa turdagi daraxt hamda butalarning qalamchalari tayyorlandi. Melioratsiya ob’ektlari atrofida hamda qishloq xo‘jaligi yerlarida hosildorlikni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun 2,4 ming gektar maydonda ixota daraxtzorlari barpo etildi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning 186 ta tuman va shaharlarida joriy  yilda 584 gektar maydonda “yashil bog‘lar”, 184 ta tuman va shaharlardagi 306 ta ob’ektlarda 2022-2024 yillarda jami 1 ming 82 gektar maydonda yangidan “yashil jamoat parklari” barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan joriy yilning I choragi davomida 257 gektar maydonda dorivor va ozuqabop o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etilgan. 

Yashil maskanlar, istirohat bog‘lari insonning maroqli hordiq chiqarishiga, salomatligiga  ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Mutaxassislar tomonidan yashil hududlarni rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish va ko‘chat ekish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” belgilab olingan. Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘rmon fondi yerlarida yashil hududlarning barpo qilinishi tuproq sifatini yaxshilab, cho‘llanishning oldini olish va hatto bu jarayonni ortga qaytarishga yordam beradi. 


O‘zA muxbiri  
Muhayyo Toshqorayeva  
yozib oldi