French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish borasida parlament nazorati olib borilmoqda
14:48 / 2024-02-03

Mamlakatimizda qushlarning 460 dan ortiq turi uchraydi. Ularning aksariyati respublikamiz hududi orqali bahorgi va kuzgi migratsiya davrida suv havzalari va ularning qirg‘oq zonalarida qo‘nim topadi.

Tabiiy muhitga ta’sir ko‘lami ortishi oqibatida nafaqat quruqlik, balki suv havzalari ekotizimlarida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz bermoqda.  

 Suv havzalari esa nafaqat insoniyatning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, balki, o‘simlik va hayvonot dunyosining o‘ziga xos yashash muhiti sifatida ham alohida ahamiyatga ega.  

Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan “Suv havzalarini asrash ekologik barqarorlikning muhim omili” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda gap bordi.  

2 fevral – Butunjahon suvli-botqoqli hududlar kuni munosabati bilan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda senatorlar, olimlar, talabalar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

Ta’kidlanganidek, 1971 yil 2 fevralda “Xalqaro ahamiyatga ega, asosan suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari hisoblangan  suv-botqoq hududlari to‘g‘risida”gi Konvensiya qabul qilingan.  

O‘zbekiston ushbu Konvensiya tarafdori bo‘lib, shunga asosan bugungi kunda mazkur xalqaro hujjat ro‘yxatiga “To‘dako‘l”, “Quyimozor”, “Dengizko‘l”, “Sudoche” va “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi kiritilgan.    

Ushbu hududlar ko‘chib yuruvchi qushlar uchun qulay qo‘nimgoh bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuning uchun ham bunday hududlarni muhofaza qilish, ularning tabiiy iqlim sharoiti barqarorligini saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan hayvonlarning 37 turi, shu jumladan, qushlar va baliqlar suv-botqoqli hududlarda yashaydi.  

Ko‘llarni ornitologik jihatdan kompleks o‘rganish, ayniqsa ularda uchrovchi qushlarning tur tarkibi va sonining dinamikasini taqiq etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Mavjud suv havzalaridan dam olish va ekoturizm maqsadlarida  foydalanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ham tabiatni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish imkonini bermoqda.  

Ayni vaqtda Senat  tomonidan Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimida ekologik vaziyatni saqlab qolish va sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan parlament nazorati olib borilmoqda.  

Barqaror rivojlanish borasidagi ustuvor qadamlardan biri  sifatida suv-botqoq hududlar, ekologik tizimlar barqarorligi va bus-butunligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.  

Shuningdek,  tadbir doirasida qo‘mita rahbarligi ostida Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan ekinlarni tuproq ostidan tomchilatib sug‘orish tizimi texnologiyalari bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar va tajribalar yakunlari yuzasidan taqdimot ham o‘tkazildi.  

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu texnologiya qo‘llanilganda  suv sarfi egatlab sug‘orishga nisbatan 80 foizga,  ildiz ustidan tomchilab sug‘orishga nisbatan 30 foizga, shuningdek, mineral o‘g‘it sarfi 60 foizga iqtisod qilingan. Shu bilan birga, sug‘orishda qo‘l kuchi mehnatidan foydalanish 70 foizga va agrotexnik ishlar (kultivatsiya) 50 foizga qisqargan.  

Ishtirokchilar  tomonidan bunday texnologiyalarni qo‘llash  iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishning muhim omili ekani qayd etildi.  

N.Abduraimova, O‘zA