French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik vazifalar ijrosida parlament nazoratini kuchaytirish Ekofraksiyaning muhim vazifasi
15:29 / 2025-12-29

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan strategik yo‘nalishlardan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Murojaatnomada bir qator yo‘nalishlar qatori ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ham ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.

Qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi. Yana 2 million 300 mingga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilandi.  

Fraksiya a’zolari Murojaatnomada ekologiya sohasida belgilangan vazifalar atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi aniq va qat’iy choralar ekanligini ta’kidladi. Endi filtrsiz ko‘mirda ishlaydigan qozonxonalardan voz kechiladi. Sababi ko‘mir va gazda isitiladigan issiqxonalar uchun zamonaviy filtrlarni o‘rnatish qiyinchilik tug‘dirayotgan edi.  

Yig‘ilishda chang-qum bo‘ronlarining oldini olish, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari, Orol dengizining qurib qolgan tubida o‘rmonzorlar barpo etish, hududlarda botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil etish rejalari ham muhokama qilindi. Shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish, magistral kanallarni betonlash, ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish, shaharlarda ariq va sug‘orish tizimlarini tiklash orqali suv tejash va mikroiqlimni yaxshilash bo‘yicha loyihalar yuqori baholandi.

Muhokamalarda deputatlar kelgusi besh yilda 30 ming nafar ekologiya menejerini tayyorlash, “yashil” texnikumlar va Green University faoliyatini kengaytirish vazifalari ekologik islohotlar jarayonini malakali kadrlar bilan ta’minlash imkoniyatini berishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda Murojaatnomada ilgari surilgan ushbu muhim tashabbuslar O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining maqsadlariga hamohangligi qayd etilib, ularning ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA