Yangi qaror
Mamlakatimizda aholi punktlarining ekologik xavfsizligini ta’minlash, xususan, transport vositalaridan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish va shaharlarimiz havosini tozalashga qaratilgan muhim tadbir amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025 yil 28 noyabrda “Avtotransport vositalarining atmosfera havosiga zararli ta’sirini kamaytirish maqsadida “Ekologik transport” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Shunga ko‘ra, Transport vositalarini ekologik toifa va sinflarga ajratish hamda ular asosida ekologik stikerlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi. Xo‘sh, ekologik stiker nima? Uning afzal jihatlari qanday?
“Ekologik transport” tizimi atmosfera havosini muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va fuqarolar salomatligini asrash maqsadida joriy etildi. Tizim mamlakatimizda avtotransport vositalaridan chiqariladigan zararli moddalarni nazorat qilish borasida muhimdir.
Ekologik stiker, bu – transport vositasining ekologik toifasini tasdiqlovchi elektron ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yorliq hisoblanadi. Bu mutlaqo bepul.
Stikerlar uch xil rangda: yashil – “toza” ekologik daraja, sariq – “o‘rtacha” ekologik daraja, qizil – “zararli” ekologik darajani bildiradi.
Nizom talablariga ko‘ra tranzit orqali harakatlanayotgan transportlar, O‘zbekistonda 90 kungacha vaqtincha bo‘lib turgan transport vositalari, elektromobillar va elektromototsikllar, mototsikl, skuter, moped va uch g‘ildirakli transportlar, tezkor va maxsus xizmat transportlari hamda jamoat transporti (taksi va yo‘nalishli taksidan tashqari), qishloq xo‘jaligi texnikalari va “nogironligi bo‘lgan shaxs” belgisi o‘rnatilgan transport vositalariga nisbatan eko-stiker tatbiq etilmaydi.
Transport vositasining ekologik toifasi ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan ekologik sinf (“Yevro” standartlari) asosida, ekologik sinfi aniqlanmagan holatlarda esa diagnostika tekshiruvlari natijalariga ko‘ra belgilanadi.
Diagnostika tekshiruvlari Ichki ishlar vazirligi huzuridagi maxsus ekologik operatorlar tomonidan o‘tkazilib, barcha ma’lumotlar “Avtomototransport hisobi” yagona elektron tizimida qayd etiladi.
“Yevro” standartlariga ko‘ra taqsimlashda benzin va gazda ishlovchi transport vositalariga bo‘linadi. Jumladan, yashil – “Yevro-2” va undan yuqori, ya’ni toza, sariq – “Yevro-0” va “Yevro-1”, ya’ni o‘rtani bildiradi.
Dizel yoqilg‘ili transportlar esa yashil – “Yevro-4” va undan yuqori, ya’ni toza, sariq – “Yevro-3”, ya’ni o‘rtachani bildirsa, qizil – “Yevro-0”, “Yevro-1”, “Yevro-2”, ya’ni zararli degani.
Yashilda esa gibrid va uch yildan oshmagan transportlar avtomatik ravishda toza toifaga kiritiladi.
Shu o‘rinda eko-stiker qayerda va qanday beriladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Foydalanishda bo‘lgan transportlar uchun stiker ixtiyoriy murojaat asosida rasmiylashtiriladi. Transport vositasini ro‘yxatga olish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ekologik stiker bepul beriladi. Bunda stiker old oynaning pastki o‘ng burchagiga, ichki tomondan yopishtiriladi. Ekologik stikerlar muddatsiz beriladi. Biroq transport egasi yoki davlat raqami o‘zgarganda, old oyna almashtirilganda, stiker shikastlanganda yoki o‘chib ketganda u qayta rasmiylashtiriladi.
Qayta diagnostika va to‘lov masalasida esa transport vositasi egasi yiliga bir marta bepul qayta diagnostika o‘tkazib, ekologik toifani yaxshilash huquqiga ega, undan ortiq qayta tekshiruvlar bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari asosida to‘lovli amalga oshiriladi.
Eko-stiker tizimi orqali har bir fuqaro o‘z transport vositasining atrof-muhitga ta’siri haqida aniq ma’lumotga ega bo‘ladi va bu borada mustaqil nazoratni amalga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, “Ekologik transport” tizimi birinchi bosqichda 2026 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrida joriy etiladi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA