Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ekologik transport” tizimi joriy etiladi
17:43 / 2024-04-15

Joriy yilning 1-iyunidan boshlab Toshkent viloyatida barcha toifadagi avtomototransport vositalaridan ifloslantiruvchi moddalar tashlanmalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligini nazorat qilish yuzasidan “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bu haqda Toshkent viloyati hokimining tegishli qarori chiqdi. Unga ko‘ra, mas’ullar tomonidan hududlar ulardagi atmosfera havosi bilan bog‘liq real ekologik holatdan kelib chiqib, ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik zonalarga ajratib boriladi.  

Shuningdek, avtotransport vositalari belgilangan talabga mosligi darajasi avtomatik baholash tizimiga asosan baholanadi. Aniqlangan natijalar qalbakilashtirishdan himoyalangan bo‘ladi. Buning uchun elektron belgiga ega bo‘lgan ekologik stikerlar berish orqali transport vositalari “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadi. Nosoz avtotransport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlarini joriy etish yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanish cheklanishi yoki taqiqlanishi joriy qilinadi.  

Shu paytgacha hududda “Toza havo” oyligi o‘tkazilgan bo‘lib, unda avtotransport vositalarida zararli gazlarning darajasi va tutun qalinligi bevosita maxsus asboblardan foydalanilgan holda o‘lchash yo‘li bilan tekshirilgan edi. Yangi tartib esa bu boradagi sa’y-harakatlarni takomillashtiradi.  

A.Musayev, O‘zA muxbiri