Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik toza va energotejamkor issiqxonalar quriladi
12:52 / 2025-12-02

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev qishloq xo‘jaligi va biotexnologiya sohasida muvaffaqiyatga erishgan xitoylik tadbirkorlarni qabul qildi. 

Uchrashuv avvalida, har ikki tomon O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo aloqalari, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda erishilgan natijalar bo‘yicha fikrlashdi. Tomonlar bir qancha yo‘nalishlarda qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.  

Xususan, xitoylik ishbilarmonlar tomonidan O‘zbekiston iqlim sharoiti va atmosfera havosidan kelib chiqqan holda ekologik toza va energotejamkor issiqxonalarni barpo etish taklifi ilgari surildi.  Xususan, mazkur issiqxonaning afzalligi shundaki, unda hech qanday yoqilg‘i yoqishga hojat qolmaydi. Issiqxona quyosh energiyasi orqali isitilib, besh qavatdan iborat issiqlik saqlovchi material bilan qoplanadi. Bu esa, qishning eng sovuq kunlarida ham +5°C haroratni saqlab turish imkonini beradi. 

Qurilish materiallari ham ekologik toza va uzoq muddatga chidamli hisoblanadi. Bu texnologiyalar hududda yil bo‘yi sifatli sabzavot va mevalarni yetishtirish, eksport hajmini oshirish va ichki bozordagi narx barqarorligini saqlashda muhim omil hisoblanadi. 

Xitoylik tadbirkorlarning navbatdagi taklifi pillachilikda mutlaqo yangi, mehnat sarfini kamaytiruvchi texnologiyani joriy etish bo‘ldi. Ya’ni, yovvoyi pilla qurtini maxsus xonadon sharoitida emas, balki oddiy ko‘cha sharoitida, faqat daraxtlarda boqish orqali yuqori mahsuldorlikka erishish mumkinligi ma’lum qilindi. Bu usul tarqoq aholi punktlarida, xonadonlar kesimida va kichik hajmdagi bog‘larda ham amalga oshirilishi mumkinligi, bu esa aholi bandligini ta’minlash va qo‘shimcha daromad manbaini yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.  

Bundan tashqari, xorijlik investorlar Toshkent viloyatining iqlim sharoiti uchun moslashtirilgan, qishloq xo‘jaligida zarur innovatsion biopreparatlar taqdimotini ham namoyish qildi. Ta’kidlanishicha, mazkur preparatlar o‘simliklarda ildiz sistemasining o‘sishini tezlashtirishi, kasalliklar va stress omillarga chidamlilikni oshirishi hamda umumiy hosildorlikni 20 foizgacha ko‘tarishi mumkin.  

Uchrashuv yakunida tomonlar yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va Toshkent viloyatining tegishli tumanlarida pilot loyihalarni boshlashga kelishib oldi. 

A.Musayev, O‘zA.