Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik toza mahsulotlar hayotiy ehtiyojimiz
11:37 / 2025-07-30

Hozirda insoniyat texnologik taraqqiyot cho‘qqilarini zabt etayotgan bo‘lsa-da, bu taraqqiyot evaziga tabiatga eng katta zararni ham yetkazmoqda. Havoning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishlari, plastik chiqindilar, biologik xilma-xillikning kamayishi – bularning barchasi global ekologik inqiroz ko‘rinishlari. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili 7 millionga yaqin inson ifloslangan havo tufayli erta vafot etadi. Ana shunday muhitda ekologik toza mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda. Ular nafaqat sog‘lig‘imiz, balki tabiat uchun ham foydalidir.

Ekologik toza mahsulotlar – bu ishlab chiqarilishi, ishlatilishi va yo‘q qilinishi jarayonida atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan, tabiiy tarkibiy qismlardan iborat vositalar. Ular plastmassaga muqobil bo‘lib, biologik parchalanadi, kimyoviy zararli moddalarni o‘z ichiga olmaydi va inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Kundalik hayotda ekologik mahsulotlardan foydalanishga quyidagi misollarni keltirishimiz mumkin:

Misvok – kimyoviy tish pastalari va plastik cho‘tkalarga nisbatan foydali xususiyatlarga ega. Og‘iz bo‘shlig‘ini mikroblardan tozalaydi, tish emalini mustahkamlaydi va yomon hidni ketkazadi. Ayniqsa, ushbu vosita diniy jihatdan ham juda qadrlanadi.

Lyuffa – tabiiy yuvgich. Ushbu mahsulot quritilgan qovoqmevaning tolalaridan tayyorlanadi. Dush qabul qilishda terini tozalab, qon aylanishini yaxshilaydi. Qolaversa, idish yuvishda dastmol sifatida ham foydalaniladi. Oddiy idish yuvgichda mikroblar yig‘ilishi ehtimoli juda ham yuqori bo‘ladi, tez almashtirib turilgan taqdirda ham. Lekin lyuffa ekologik toza mahsulot hisoblanib plastik yuvgichlardan farqli o‘laroq, yerda osongina parchalanadi va ekologik xavfsiz hisoblanadi.

Kimyoviy vositalar o‘rniga qo‘lda tayyorlangan tabiiy sovunlar, kokos, zaytun yoki lavanda yog‘i asosidagi yuvish vositalari sog‘liq uchun xavfsiz va biologik parchalanadi. Ko‘pchiligimiz kundalik hayotda tarkibida ishqori ko‘p bo‘lgan sovun mahsulotlaridan foydalanamiz. Chunki sovun neytral yog‘larga o‘yuvchi ishqorlar yoxud ishqorli karbonatlar bilan neytrallab olinadi. Tabiiy sovun mahsulotlari esi terini quritib yubormaydi va tayyorlash ham juda oson. 

Misvok, lyuffa, qo‘lda tayyorlangan tabiiy sovunlar kabi mahsulotlar mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilishi mumkin. Bu esa ekologik tadbirkorlikni rivojlantiradi.

Ekologik hayot tarzi shunchaki mahsulot almashtirish emas – bu yashashni yaxshilash sari qilingan eng yaxshi harakat. Bu borada jamiyatda ekologik savodxonlikni oshirish, maktabgacha yoshdan boshlab tabiatga nisbatan mas’uliyatni shakllantirish muhim. 

Hozirgi paytda ushbu jarayonlarni yanada tezlashtirish maqsadida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash – ekologik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi brendlar sonini ko‘paytirish kerak. Plastikni cheklovchi qonunlar, ekologik yorliqli mahsulotlarga imtiyozlar, ta’lim tizimida ekologik madaniyat – maktab va OTMlarda ekologik hayot tarzi bo‘yicha alohida darslar kiritilishi lozim.

Ekologik toza mahsulotlardan foydalanish bugun zamon talabi emas, hayotiy ehtiyojdir. Har bir insonning kundalik tanlovi jamiyat ekologik muvozanatining bir bo‘lagi bo‘lib xizmat qiladi. Misvok tanlagan inson tibbiy, diniy va ekologik jihatdan ongli qaror qabul qilgan bo‘ladi. Lyuffadan foydalanayotgan inson esa tabiat va o‘z tanasiga birdek mehr bilan qarayotgan bo‘ladi. Har birimiz o‘z kundalik odatlarimizni tabiatga zarar yetkazmaydigan, sog‘lom muqobillar bilan almashtirish orqali jamiyat va muhit farovonligiga hissa qo‘sha olamiz. Axir, sog‘lom hayot faqat tanamiz emas, atrof-muhit tozaligidan ham boshlanadi.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA