Ekologik toza energiyadan foydalanish O‘zbekiston Ekologik partiyasining bosh maqsadi
Mamlakatimizda saylovlar kampaniyasining boshlanishi har bir partiyaga siyosiy jarayonlarda o‘z o‘rnini egallashi uchun muhim davr bo‘lib, ulardan faol bo‘lishni talab etadi.
Mamlakatimizda saylovlar kampaniyasining boshlanishi har bir partiyaga siyosiy jarayonlarda o‘z o‘rnini egallashi uchun muhim davr bo‘lib, ulardan faol bo‘lishni talab etadi. Albatta, partiya dasturida belgilab berilgan ustuvor vazifalar bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish va qulay yashash sharoiti yaratish sohasidagi faoliyatni kuchaytirishda maqsadli mintaqaviy va hududiy dasturlar hamda loyihalarning joylarda amalga oshirilishini faollashtirishga intiladi.
Xususan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan dastur va harakatlar strategiyasini shakllantirish va ilgari surishni muhim deb hisoblaydi. Bu borada partiyamiz mamlakatda ekologik toza energiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratgan. Mazkur masala partiya dasturida ham ilgari surildi.
Chunki, dunyoda aholi soni ko‘payib borishi, iqtisodiyot tarmoqlarining jadal taraqqiyoti elektr energiyaga bo‘lgan talabni kun sayin oshirmoqda. Elektr energiyasini ishlab chiqarishda zarur tabiiy resurslar zaxirasi esa cheklangan bo‘lib, kun sayin kamayib bormoqda. Shu tufayli istiqbolli energiya manbalari, jumladan, atom energetikasiga ehtiyoj ham ortayapti.
Mamlakatimizda hozir elektr energiyaga bo‘lgan talab 69 milliard kilovatt soatni tashkil etadi. Shu bilan birga, yiliga 64 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu miqdordagi quvvatni hosil qilish uchun yiliga 16,5 milliard kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut hamda 2,3 million tonna ko‘mir sarflanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2030 yilga borib, mamlakatimizning elektr energiyaga bo‘lgan talabi 117 milliard kilovatt soatga yetadi.
Bu boradagi muammolarni bartaraf qilish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan atom energetikasiga asos solingani elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojni barqaror ta’minlash imkonini beradi. Ta’kidlash joiz, joriy yil 9 sentabrda “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 19 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida qabul qilingan ushbu qonunni ishlab chiqishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi deputatlari faollik ko‘rsatdi. Mazkur hujjat mamlakatimizda atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus qonunga bo‘lgan hayotiy ehtiyojni ta’minlashga qaratilgan.
Qonunni ishlab chiqish zaruriyati bir qator omillarga bog‘liq bo‘ldi. Birinchidan, mamlakatimizda atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus qonun mavjud emas edi. Atom energiyasidan foydalanishni ta’minlash tizimi uchun huquqiy asoslarni yaratish, atom energiyasi to‘g‘risida amaldagi barcha me’yor va qoidalarni unifikatsiyalash, ularni O‘zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro majburiyatlar bilan muvofiqlashtirish, atom energiyasidan foydalanishda yuridik shaxslar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha milliy qonunchilikka xorijiy davlatlarning eng samarali tajribasi hamda mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.
Atom energetikasidan foydalanish sohasida litsenziyalash, atom energetikasidan foydalanishga doir faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnomalar berish, sohada davlat nazorati, yadro qurilma xavfsizligini davriy baholash, saqlash punktlari bo‘yicha tartiblar qonunda o‘zi aksini topdi. Shu bilan birga, atom energiyasidan foydalanish ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish, davlat hisobi va yadroviy materiallarni nazorat qilishga oid normalar ham kiritilgan.
Mazkur qonunni pishiq-puxta holga keltirish maqsadida deputatlar xorijiy mamlakatlarning tajribasini atroflicha tahlil qildi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya va Vengriya davlatlarining atom energetikasi sohasidagi ilg‘or tajribalar va qonunchilik bazasini joyiga borib o‘rgandi. Deputatlar bevosita Rossiya Federatsiyasidagi “Novovoronej-2”, Yaponiyaning “Tokay-2”, Vengriyaning “Paksh-1” atom elektrostansiyalarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan bevosita tanishib, tegishli mutasaddi tashkilot va agentliklar rahbariyati bilan muloqot olib bordi.
Xalqaro tajribani o‘rganish natijalariga ko‘ra, qonunni ishlab chiqishda ilg‘or davlatlarning eng ishonchli va maqbul qonunchilik amaliyoti qo‘llanildi. Xususan, boshqa barcha faoliyat ko‘rsatkichlari ustidan qat’iy xavfsizlik huquqiy talablari o‘rnatildi. Xavfsizlik talablarining asosiy va boshqa prinsiplari aniqlashtirildi. Sohadagi barcha faoliyat turlari belgilab olindi. Fuqarolar uchun atom energiyasidan foydalanish haqida to‘liq ma’lumot olish kafolatlari ta’minlanib, ekspluatatsiya etuvchi tashkilotning xavfsizlik bo‘yicha qat’iy mas’ulligi o‘rnatildi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Ekologik partiyasi dasturiy maqsadlariga hamohang bo‘lib, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, atom energetikasini rivojlantirishning huquqiy shart-sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi. Atrof-muhitni ionlashtiruvchi nurlanishning salbiy ta’siridan muhofazalash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash tizimini shakllantirish hamda avariya holatlarining paydo bo‘lish xavfini minimallashtirish maqsadida atom energiyasidan foydalanishda mansabdor shaxslarning javobgarligini joriy etishga huquqiy asos bo‘ladi.
Abdurahim QURBONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zosi.