Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik ta’lim – yuksak ekologik madaniyatning muhim omili
13:19 / 2025-04-18

Aholi vakillarining yuksak ekologik madaniyati, atrof-muhitga oid bilim va ko‘nikmalarining boyligi bugungi ekologik muammolar yechimida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham dunyo miqyosida 15 aprel — Ekologik bilimlar kuni sifatida nishonlanishi yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu ekologik sana munosabati bilan parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi hamkorligida “Ekologik ta’lim – jamiyatda ekologik madaniyatni targ‘ib qilishning muhim omili” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda deputatlar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, shuningdek, olimlar, o‘qituvchilar, nodavlat notijorat tashkilotlari, Yoshlar parlamenti vakillari ishtirok etdi.   

— Ma’lumki, 1992 yil 15 aprel kuni Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning atrof-muhit muammolarini muhokamasiga bag‘ishlangan konferensiyasida insoniyat hayoti va barqarorligi uchun ekologik tarbiyaning ulkan ahamiyati alohida qayd etilib, ushbu kunni “Ekologik bilimlar kuni” sifatida nishonlash taklif etilgan, — dedi fraksiya a’zosi Navro‘zbek Yusupov. — Shundan buyon mazkur sana har yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng nishonlanib kelinadi.  

Bu yo‘nalishda mamlakatimizda ham ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.  

Ayniqsa, 2025 yil “Atrof-mhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nomlanishi ham jamiyatda bu sohaga yanada ustuvorlik qaratilayotganining namunasidir. Bu borada yana bir muhim jihat: 2023 yilda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 9-bobiga inson va fuqarolarning asosiy huquqlari bo‘lgan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlari bilan birgalikda ekologik huquqlari ham kiritildi.  

Shuningdek, 49-moddada davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlar ekologik ta’limni yosh avlod ongiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, — dedi deputat.     

Yig‘ilishda jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish lozimligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Muhokamalarda pedagogik kadrlar tayyorlash, ekologiya bo‘yicha interaktiv dasturlar ishlab chiqish, ta’lim muassasalari faoliyatiga yashil standartlarni joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.  

Bu borada maktab va oliy o‘quv yurtlarida barqaror rivojlanish bo‘yicha fakultativ va tanlov kurslarini joriy etish, ekologik ta’lim bo‘yicha zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqish va nashr etish, oliy ta’lim muassasalari huzurida barqaror rivojlanishning hududiy markazlarini tashkil etish, ekologik ta’lim masalalari bo‘yicha yillik parlament eshituvlarini tashkil etish bo‘yicha taklif-tavsiyalar o‘rtaga tashlanib, vazifalar belgilab olindi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA