Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik talablarga rioya qilmagan sub’ektlarga nisbatan javobgarlik qo‘llanilgan
09:39 / 2025-12-25

Davlatimiz rahbarining “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni doirasida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Toshkent shahrida ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida atmosfera havosiga chiqarilayotgan tutun, chang va zaharli gazlar miqdorini kamaytirish choralarini ko‘rish hamda profilaktik tadbirlarni oshirish maqsadida maxsus ishchi guruhlar tuzilgan.

Atmosfera havosiga zararli tashlamalar tashlovchi 1 ming 400 ga yaqin xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyati o‘rganilgan va atmosferani muhofaza qilish talablariga rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Bunga rioya qilmagan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan javobgarlik choralari qo‘llanilgan.

Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari bilan birgalikda atrof-muhitga zararsiz energiya resurslarini qish davrida kafolatli yetkazib berish lozim bo‘lgan issiqxonalar ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan tegishli shartnomalar tuzish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, qurilish ob’ektlarida atmosfera havosiga chang ko‘tarilishining oldini olish maqsadida suv sepuvchi va iqlim mo‘tadilligini ta’minlovchi uskunalar o‘rnatilishi va qurilishi, avtotransport vositalari g‘ildiraklarini yuvish hovuzlari barpo etilishi ta’minlangan.

Bular haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan eshituvda ma’lum qilindi.  

Unda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Energetika vazirliklari hamda Toshkent shahar hokimligining “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitilib, shahar atrof-muhit holatini yaxshilash borasidagi ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA