Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining navbatdagi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yildagi hamda 2025 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot partiyalarning dasturiy yo‘nalishlari nuqtai nazardan ko‘rib chiqildi.
Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi muhokamalarida partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash, Oroybo‘yi hududida ekologik holatni yaxshilash, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, yer unumdorligini yaxshilash tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobotda taqdim etilganidek, 2024 yilda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun davlat byudjetidan 6,2 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilgan. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi xarajatlar uchun esa 100 milliard so‘m rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu mablag‘larning 52 milliard so‘mi “Mening bog‘im” loyihasiga yo‘naltirilgan. Shuningdek, 2024 yilda 1 ming 887 gektar himoya o‘rmonlarini barpo etish ishlari amalga oshirilgan.
Joriy yilning birinchi choragida esa ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun davlat byudjetidan 913,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Hisobot davrida Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi mintaqasida 124,5 ming gektar, tog‘oldi va boshqa hududlarda 1,5 ming gektar maydonida o‘rmon barpo etish va qayta tiklash tadbirlari bajarilgan. O‘rmon tadbirlari uchun 700 tonna cho‘l va boshqa turdagi o‘simliklar urug‘lari tayyorlangan. Xo‘jaliklarda 487 gektar niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etilgan. Cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarida cho‘llanish va qum ko‘chishi, suv va tuproq eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida 257 gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari (ihota) barpo etilgan.
Qizg‘in muhokamalar davomida fraksiya a’zolari amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar natijadorligini yanada oshirish lozimligini, bu esa bugungi ekologik muammolarni yumshatishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar. Buning uchun yo‘naltirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida hamda to‘liq o‘zlashtirish, o‘simlik va hayvonot dunyosi muhofazasi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi, chiqindi muammolarini hal etish yo‘lida oqilona foydalanish zarurligi aytildi.
Deputatlar joylardagi o‘rganishlarda duch kelingan ayrim muammolar yuzasidan ham mas’ullarga savollar bilan murojaat qilib, byudjet mablag‘lari samaradorligini oshirish bo‘yicha qator takliflarni bildirdilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA