Partiya s’ezdida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Saylovoldi dasturi muhokama qilindi.
Saylovoldi dasturida quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilandi:
– “yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida mamlakatni jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosatni yuritish;
– aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini kengaytirish, oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarni qurish choralari ko‘rish;
– chiqindilarni qayta ishlashga qaratilgan davlat siyosatini kuchaytirish;
– iqlim o‘zgarishlariga moslashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish;
– atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
– jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish, ona tabiatni, jumladan, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini kuchaytirish;
– global va transchegaraviy ekologik muammolarni hal qilishda xorijiy davlatlar, avvalambor Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish.
Delegatlar nomzodning Saylovoldi dasturida partiyaning ustuvor vazifalari partiyaning tuman, shahar va, shuningdek, hududiy tashkilotlari hamda faollari tomonidan berilgan takliflar o‘z ifodasini topganini e’tirof etishdi.
S’ezd kun tartibidagi boshqa masalalar bo‘yicha hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari oldiga tegishli vazifalar qo‘yildi. Partiyaning saylov kampaniyasini uyushqoqlik bilan o‘tkazishni ta’minlash borasida bir qator vazifalar belgilandi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA