Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botirali Shodiyev Navoiy viloyatida bo‘lib, mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birgalikda bir qator tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan tanishdi.
Karmana tumanida joylashgan “Ozodbek plast” MCHJda 10 nafar mahalla yoshlari va xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, bu yerda plastik chiqindilarni qayta ishlash orqali polietilen, polipropilen quvurlar va turli xil fiting mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ishlab chiqarish jarayonida asosan tashlandiq plastik idishlar va selofan paketlar qayta ishlanib, ulardan maxsus granula olinadi. Aynan shu granula keyinchalik tayyor mahsulotlarga aylantiriladi.
Korxona tadbirkorning o‘z xonadonida faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda korxona rahbari kichik zavod barpo etish uchun alohida hudud zarurligini bildirdi. Unga ko‘ra, zarur maydon ajratilgach, ishlab chiqarish ko‘lami kengaytiriladi va ishchilar soni esa 20 nafarga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
Deputatlar tadbirkorning tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda muammoni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etishlarini bildirishib, bunday korxonalar nafaqat yangi ish o‘rinlarini yaratishi, balki chiqindilarni qayta ishlash orqali atrof-muhitni asrashda ham muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Mamlakatimizdagi qulay investitsiya muhiti bois xorijiy davlatlar texnologiyalari asosida barpo qilinayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni yil sayin oshib bormoqda.
Ana shunday korxonalardan biri Navbahor tumanida faoliyat yuritayotgan “Navoiy Asya Sera” MCHJ korxonasidir.
So‘nggi texnologiyalar asosida bunyod qilingan issiqxona Turkiya bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, maydoni 4 gektardan iborat. Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, har bir gektardan 200 tonnagacha pomidor hosili olish rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat mahalliy bozorlarda aholining sifatli mahsulotlarga bo‘lgan talabini qondirish, balki eksport salohiyatini oshirish imkonini ham beradi.
Issiqxonaning eng muhim jihatlaridan biri isitish tizimida qo‘llanilgan innovatsion texnologiyalardir. U Turkiya ishlab chiqaruvchilari tomonidan tayyorlangan maxsus qozonlar orqali ko‘mir yordamida isitiladi. Eng e’tiborli tomoni shundaki, ushbu texnologiya ekologik xavfsizlikni to‘liq ta’minlaydi, yoqilgan ko‘mirning zarari tashqariga chiqarilmay, maxsus filtrlardan o‘tkaziladi. Bu esa atrof-muhitni muhofaza qilish, toza havo muhitini saqlash va hududda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirkor kelgusida issiqxona faoliyat ko‘lamini yanada kengaytirib, mahalliy aholini mavsumiy emas, doimiy ish bilan ta’minlagan holda yil davomida yangi va sifatli mahsulotlar yetishtirishni rejalashtirgan.
Tumandagi yana bir istiqbolli tadbirkorlik sub’ektlaridan biri “Agrotsentr” MCHJ dir. Issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor 2017 yildan buyon 4 gektar maydonda issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, yarim gektar maydonda ko‘chatxona ham tashkil etilgan. Bu yerda 10 nafar mahalliy aholining bandligi ta’minlangan bo‘lib, doimiy ravishda turli xil meva, sabzavot va gul ko‘chatlari parvarishlanadi hamda mahalliy bozorlar hamda fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda. Bir yilda 2 million tup ko‘chat tayyorlanishi bu maskanning imkoniyatlari yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Issiqxonada yiliga ikki marta hosil olinadi. O‘tgan yilda jami 970 tonna bodring hosili yetishtirilib, ichki bozor bilan bir qatorda Rossiya va Qozog‘istonga ham eksport qilindi.
Issiqxona mavsumda ko‘mir yordamida isitiladi. Asosiy ishchi kuchi 25 nafar doimiy xodimdan iborat bo‘lib, mavsumiy ishlar ko‘payganda qo‘shimcha ishchilar ham jalb qilinadi. Shu orqali mahalliy aholining xam bandligi ta’minlanmoqda, shuningdek, yoshlarga ham ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Deputatlar tumandagi Halovattepa mahallasida joylashgan “Osiyo” bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.
Mazkur xo‘jalikda olib borilayotgan ishlar Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilayotgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mahalliy mahsulot yetishtirish hajmini oshirgan holda ichki bozorni barqaror ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar bilan hamohangdir.
Bugungi kunda fermer xo‘jaligida 26 gektar maydonda olma, shuningdek, 25 gektardan ziyod maydonda shaftoli, o‘rik va pista kabi turli mevali daraxtlar parvarish qilinmoqda. Rejaga ko‘ra, joriy yilda 80 tonnaga yaqin olma hosili olinishi kutilmoqda. Bu nafaqat hudud aholisini arzon va sifatli mevalar bilan, balki mahalliy bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Qonunchilik palatasi deputati boshchiligidagi ishchi guruh tuman tibbiyot birlashmasi va ko‘p qavatli uylarning oqova suvlarini qayta ishlash inshooti, “Beshrabot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan yangi turarjoy majmuasi va Mirzo Ulug‘bek mahallasida istiqomat qiluvchi Ra’no Sharopova xonadonida ham bo‘lishdi.
O‘rganishlar davomida deputatlar tomonidan ko‘tarilgan muammo va murojaatlarni ijobiy hal etish choralari ko‘rilishi bildirilib, zarur tavsiya va takliflar bildirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri