Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan avgust oyi “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish oyligi” deb e’lon qilingan edi.
Ayni kunlarda mazkur tashabbus doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasining barcha viloyat, tuman va shahar tashkilotlari tomonidan turli ko‘rinishdagi targ‘ibor tadbirlari, “Chiqindisiz hayot”, “Suvni asrang” kabi shiorlar ostidagi ekologik aksiyalar, hasharlar tashkil etilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, bu kabi amaliy tadbirlar davomida atrof-muhitni tozalash, chiqindilarni saralash va ularni qayta ishlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, o‘simlik va hayvonot olamini asrab-avaylash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bunday tadbirlar aholining ekologik madaniyati va mas’uliyatini oshirish, hududlarni ekologik jihatdan asrashda muhim o‘rin tutadi.
Partiyaning ushbu oylik doirasidagi sa’y-harakatlari “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarorida aholi qatlamlarining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan maqsad-vazifalar ijrosiga xizmat qiladi.

Zero, mazkur qarorda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ekologik targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish, aholi orasida chiqindilarni saralash, jamoat joylarini chiqindidan xoli hududga aylantirishni keng targ‘ib qilishga qaratilgan aksiyalar tashkil etish kabi qator muhim vazifalar belgilab berilgan edi. “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish oyligi” davomida ana shunday targ‘ibot va tushuntirish ishlari izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA