Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik nazorat va “yashil islohotlar” natijalari
12:19 / 2026-01-10

Sirdaryo viloyatida 2025 yil atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Boshqarma o‘z faoliyatida davlat qonunchiligi, Prezident farmonlari va vazirlik buyruqlari asosida jamoatchilik va korxonalar faoliyatini monitoring qildi.

– Yil davomida 4 221 ta reyd o‘tkazilib, 4 188 ta javobgar shaxsga jami 4,95 mlrd so‘mlik jarima solindi, – deydi Sirdaryo viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Elmurodov. – Shu mablag‘dan 2,97 mlrd so‘m to‘liq to‘landi, qolgan qismi esa belgilangan muddatda to‘laganligi uchun imtiyoz sifatida hisobga olindi. 386 ta mansabdor shaxsga 1,08 mlrd so‘m, 3 802 ta fuqaroga esa 3,88 mlrd so‘m jarima solindi.

Bundan tashqari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan muddati o‘tgan kompensatsiya to‘lovlari undirilishi bo‘yicha 74 ta da’vo arizasi sudlarga kiritildi va 1,023 mlrd so‘mlik to‘lovlar hisobga tushirildi. Shu bilan birga, tabiatga yetkazilgan zarar bo‘yicha 52 ta sud da’vo arizasi kiritildi. 47 tasi bo‘yicha 779,6 mln so‘mlik zarar sud tomonidan qanoatlantirildi, qolgan qismi hududiy organlar tomonidan majburiy tarzda hisobga olindi.

Daraxtlarning qimmatbaho navlarini kesilishini oldini olish maqsadida moratoriy uzaytirilganiga qaramasdan, noqonuniy kesishning 90 ta holati aniqlandi. Shunga ko‘ra, 769,5 mln so‘mlik jarima va 273,7 mln so‘mlik tabiatga yetkazilgan zarar belgilandi. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish qoidalarini buzgan 33 ta holatda 195 mln so‘mlik jarima va 17,5 mln so‘mlik da’vo summalari qo‘llandi. Noqonuniy baliq ovlash bo‘yicha esa 35 ta holatda 139,7 mln so‘mlik jarima va 40,5 mln so‘mlik da’vo summalari belgilandi.

Iqtisodiy va ekologik talablarni bajarmagan 5 ta tadbirkorlik sub’ektining faoliyati to‘xtatildi. Atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan 5 ta korxonada chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatildi va modernizatsiya qilindi. Shuningdek, 6 ta sanoat ob’ektda avtomatik monitoring stansiyalari va statsionar kuzatuv postlari ishga tushirildi.

“Toza-havo” tadbiri doirasida 26 000 ta transport vositasi gazoanalizator uskunalari bilan tekshirildi. Me’yordan yuqori chiqindi gaz chiqargan 169 ta vositaga 32,35 mln so‘mlik ma’muriy jarima qo‘llandi va ular majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

Issiqxonalar va sanoat ob’ektlarida noqonuniy yoqilg‘i materiallaridan foydalanishning oldini olish maqsadida 32 ta ob’ektda profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. 92 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi va jami 89,5 mln so‘mlik ma’muriy jarima solindi. Shuningdek, 15 ta ko‘cha va 85 ta jamoat joyi namlantirildi, 15 km ariqlar tozalandi va 5 ta favvora ishga tushirildi.

– Tabiiy resurslardan samarali foydalanish va rekultivatsiya ishlari ham keng yo‘lga qo‘yildi, – deydi boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Shuhrat No‘’monov. — 2025 yilda 9,2 ga buzilgan yer maydonlari rekultivatsiya qilindi. “Yashil makon” va “Mening bog‘im” loyihalari doirasida 17,96 mln dona manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirildi va joriy mavsumda ham ularning barchasi ekildi. 18 km masofada sug‘orish tizimlari tashkil etildi va 11 ta yangi suv quduqlari barpo etildi.

Mirzaobod tumanidagi Bog‘iston MFY hududida 500 gektar maydonda yashil belbog‘ loyihasi doirasida 900 mingdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekish amalga oshirildi. Temir yo‘l bo‘ylarida 13 ta tik quduq kavlanib, 11 ta suv saqlash bachoklari tashkil etildi. Shuningdek, temir yo‘lning ikki chetidan 70,6 ming tup daraxt ko‘chatlari ekildi.

Sirdaryoda 2024 yildan boshlab amalga oshirilayotgan “Mening bog‘im” va “Yashil bog‘” loyihalari doirasida umumiy 10,48 gektar yashil hududlar tashkil etildi. 2025 yilda esa 689 ming dona ko‘chat ekilgan 166 gektar yashil hudud yaratildi. Guliston shahrida piyodalar va velosiped yo‘laklari bo‘yida daraxt va o‘simliklar ekish orqali 4,2 km uzunlikda “Soyali sayr ko‘chalari” tashkil etildi. Tuman va shahar hududlarida 3,5 km uzunlikda yashil belbog‘lar barpo etildi.

Ekologik monitoring va nazorat ishlari ham keng amalga oshirildi. 54 ta korxonada atmosfera havosi, oqova va chiqindi suvlar hamda tuproq zararlanishi monitoringi olib borildi. Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan 1 546 t loyiha hamda ekologik me’yoriy hujjatlar ko‘rib chiqildi va 972 ta buyurtmachiga davlat ekologik ekspertiza xulosasi taqdim etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA