Sirdaryo viloyatida atmosfera havosini muhofaza qilish, ifloslanish manbalarini kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida “Toza havo” respublika tadbirining ilk ikki bosqichi doirasida 26 mingdan ortiq transport vositalari Gazoanalizator uskunasi yordamida tekshiruvdan o‘tkazilib, chiqindi chiqarishi me’yordan ortiq bo‘lgan 169 ta avtomashina aniqlandi. Ularga 32 million 353,5 ming so‘m jarima qo‘llanilib, texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun yo‘naltirildi.

– Tadbirlar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda Ichki ishlar vazirliklarining joriy yil mart–aprel oylaridagi qo‘shma ko‘rsatmalari asosida o‘tkazildi, – deydi viloyat Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat No‘monov. – Maqsad — havo ifloslanish manbalarini aniqlash va ularning salomatlikka salbiy ta’sirni bartaraf etish hamda ekologik nazoratni kuchaytirish.

Viloyatdagi sanoat va qurilish korxonalarida ham atrof-muhit muhofazasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Yangi ishlab chiqarish sub’ektlariga samaradorligi kamida 99,5 foiz bo‘lgan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish talabi qo‘yilgan. Hozirda 13 ta qurilish korxonasi faoliyat yuritib, barchasi ekologik ekspertizadan ijobiy xulosa olgan. Shu bilan birga, 1–2-toifali 29 ta korxona doimiy ekologik nazoratga olingan.

– Xususan, “Boyovut Techno Cluster”, "Baxtteks-Farm", “Sardoba Universal Cluster”, “Indorama Agro Cluster” va “Vhit gold cluster” MCHJlarga yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish vazifasi yuklatilgan, – deydi Shuhrat No‘monov. – “Baxtteks-Farm” da uskunalar yangilandi, qolganlarida ham ishlar bosqichma-bosqich davom etmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, sanoat va transport chiqindilarini cheklash atmosfera tozaligini ta’minlashda ustuvor ahamiyatga ega. Bu nafaqat tabiat, balki inson salomatligi uchun ham muhim.
Sirdaryo viloyatida ekologik xavfsizlikni mustahkamlash va “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan faoliyatni yo‘lga qo‘yish ishlari izchil davom etmoqda.
– Bu faqat nazorat tadbiri emas, – deya ta’kidlaydi Shuhrat No‘monov. – Bu aholining hayot sifati va mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan izchil ishlardir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri