Dunyo miqyosida chiqindilar muammosi eng dolzarb ekologik masalalardan biriga aylanib bormoqda. O‘zbekistonda ham yiliga 14 million tonna chiqindi hosil bo‘ladi. Lekin ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi.
Chiqindi poligonlaridan 7 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga singadi.
Chiqindilarni qayta ishlash orqali ham uning tabiatga ta’sirini kamaytirish, ham foyda olish mumkin. Shu maqsadda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan xorijiy investorlar bilan hamkorlikda qator loyihalar ishlab chiqilgan.
Chiqindilarni qayta ishlash sohasida yana bir muhim qadam qo‘yildi. 2025-2027 yillarda yurtimizda maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqaradigan 8 ta zavod qurilishi rejalashtirilgan.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Janubiy Koreya Respublikasining jami 6 ta yirik kompaniyasi o‘rtasida qo‘shma rivojlantirish shartnomalari imzolangan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, yurtimizning 11 ta hududida Xitoy, BAA va Janubiy Koreya Respublikasining yirik kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 1,28 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan loyihalar asosida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavodlar quriladi.
Natijada yiliga 4,7 million tonnadan ortiq chiqindini yoqish orqali 2,1 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, poligonlar soni besh barobarga qisqaradi. 97 million AQSH dollari qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi. Shuningdek, bular orqali 152 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 million tonna issiqxona gazlari kamayadi. 1 ming 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
<iframe width="789" height="444" src="https://www.youtube.com/embed/pDIIu-_8YGM" title="Ekologik muvozanat yaxshilanishi uchun chiqindilar samarali boshqarilishi zarur" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Loyihalar 2025–2027 yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilishi maqsad qilingan. Qurilish jarayonlari 2025 yil yanvardan boshlanib, zavodlar 2026 yil dekabrda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Quyida soha vakillarining ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan loyihalar xususidagi fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA