Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik muvozanat – barqaror taraqqiyot kafolati
13:57 / 2025-06-03

Ma’lumki, atrof-muhitni muhofaza qilish faqat tabiatni asrash emas, balki inson salomatligi, iqtisodiy barqarorlik va kelajak avlodlar uchun munosib hayot sharoitini ta’minlash hamdir.

Sanoat va infratuzilmaviy rivojlanish jarayonlarida ekologik standartlarga amal qilish, chiqindilarni kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va resurslarni oqilona boshqarish atrof-muhitni muhofaza qilishning muhim sharti hisoblanadi. Bu borada jamoatchilikning faol ishtiroki, davlat va xususiy sektor hamkorligi alohida ahamiyatga ega. 

Bugun “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatida tashkil etilgan tadbirda aynan shu mavzular atroflicha muhokama qilindi. 

5 iyun – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ markaziy apparati va tizim korxonalari xodimlari, Energetika vazirligi mutaxassislari hamda ekologlar ishtirok etdi. 

Unda so‘z olganlar ta’kidlaganidek, atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi bugungi kunda faqat ekologlarning emas, balki jamiyat har bir a’zosining mas’uliyatiga aylanmog‘i lozim. Tabiatga ehtiyotkorlik bilan yondashish, ishlab chiqarishda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, energiya manbalarini tejash va chiqindilarni kamaytirish kabi tadbirlar nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlaydi, balki mamlakatning umumiy taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu jarayonda davlat siyosati, jamoatchilik faolligi va xususiy sektor tashabbuslarining uyg‘unligi muhimdir.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Nargis Valiyevaning ma’lum qilishicha, mazkur muloqot “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida tashkil etildi. 

– Bugungi kunda barqaror rivojlanish faqat iqtisodiy o‘sish bilan emas, balki ekologik muvozanatni ta’minlash orqali amalga oshirilishi mumkin. Har bir loyiha atrof-muhitga ta’sirini inobatga olgan holda rejalashtirilishi zarur. Biz chiqindilarni kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni targ‘ib qilmoqdamiz. Shuningdek, barcha sohalarda “yashil” yondashuvni tatbiq etish dolzarb masaladir, – dedi N.Valiyeva.

Tadbirda mutaxassislar ushbu masalaga o‘z munosabatlarini bildirib, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ekologik loyihalarni kengaytirish, korxonalarda “yashil” texnologiyalarni tatbiq etish, energiya samaradorligini oshirish, shuningdek, ekologik savodxonlikni oshirish muhimligini aytib o‘tdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi muloqot maydonlari tajriba almashish, dolzarb muammolarni hal etish hamda samarali tashabbuslarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

[gallery-23731]

Tadbir doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlar haqida infografik materiallar va taqdimotlar namoyish etildi. 

Shuningdek, muloqot davomida ekologik tashabbuslar, istiqbolli loyihalar, sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari yuzasidan fikr almashildi. 

Nasiba Ziyodullayeva,

Oybek Pardayev (surat), O‘zA