Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekologik muhit barqarorligi – sog‘lom jamiyat kafolati
15:47 / 2023-09-19

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyat bo‘linmasi tashabbusi bilan Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi, O‘zbekiston Ekologik harakati Navoiy viloyat hududiy bo‘linmasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorlikda “Ekologik muhit barqarorligi – sog‘lom jamiyat kafolati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Bugungi kunda atmosfera havosining ifloslanishi, biologik xilma-xillikning kamayishi oqibatida butun dunyoda tabiiy resurslarni tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish muhim vazifalardan biriga aylandi. 

Ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda 7 million kishi havo ifloslanishi ta’siridan vafot etmoqda, 2025 yilga borib esa, dunyo aholisining yarmidan ko‘pi toza ichimlik suvi muammosiga duch keladi.

– Yurtimizda aholining qulay tabiiy muhitga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi raisi Alijon Jalilov. – Hatto, yangilangan Konstitutsiyamizda ham davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma kiritildi.

Joriy yilning 11 sentyabrida qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ham suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. 

– Strategiyaning 67-maqsadida har yili 200 million tup daraxt ekib borish va respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, ekiladigan har bir daraxtni parvarish qilish va sug‘orish tizimini yaratish belgilangan, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyat bo‘linmasi rahbari Abdulla Ro‘ziqulov. – Shu bilan birga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 69-maqsadida Orol fojeasining oldini olishga yanada jiddiy e’tibor qaratilib, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 2,3 million gektarga hamda Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 600 ming gektar yashil maydonlarni barpo etib, ularning umumiy hajmini 2,6 million gektarga yoki hududning 80 foiziga yetkazish ko‘zda tutilgan. 

[gallery-13631]

Davra suhbatida “O‘zbekiston – 2030” strategiyada belgilangan vazifalar, havo ifloslanishining ijtimoiy hayotga ta’siri, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va rejalar, ekologik xavfsizlikni ta’minlashda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish masallari xususida so‘z yuritildi. 

– Hech kimga sir emas, keyingi yillarda keng jamoatchilik o‘rtasida sanoat korxonalari va avtotransport vositalari sonining keskin oshganligi bois atmosfera havosi haddan ziyod ifloslanib ketayotganligi to‘g‘risidagi e’tirozlari ko‘paymoqda, – deydi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurali Boltayev. 

– Afsuski, bugungi kunda metallurgiya, kimyo va mashinasozlik sanoati rivojlangan Navoiy shahrida havoning ifloslanishi sezilarli darajada oshgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyatida so‘nggi 4 yilda sanoat korxonalarining soni, qurilish ishlari hajmi ikki barobar, transport vositalari soni esa to‘rt barobarga o‘sgan. Buning natijasida chang-gaz miqdori 4-5 barobarga oshgan. Bir yilda viloyat hududida atmosferaga qariyib 93 ming tonna har xil turdagi gaz va chang chiqariladi. Ularning 54 ming tonnadan ziyodrog‘i sanoat korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Sanoat korxonalaridagi chang-gazlarni tozalash uskunalarining esa qariyb 65 foizi 10-15 yil avval o‘rnatilgan bo‘lib, ma’nan va jismonan eskirgan.

Tadbirda ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalari bo‘yicha fikr va mulohazalar bildirildi.

Tadbir yakunida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlari vakillaridan iborat Ishchi guruhi tuzish va jamoatchilik monitoringini amalga oshirib borishga kelishib olindi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari