Bugungi kunda atmosfera havosining ifloslanishi, suv tanqisligi, yashil hududlarning kamayib borayotgani kabi keskin ekologik muammolar insoniyat oldidagi o‘ta dolzarb masalalardan biriga aylangan.
Bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida ekologik xavf-xatarlarni yumshatishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Mazkur jarayonlarda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari va deputatlik birlashmalari ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Ekopartiyaning Toshkent shahar tashkiloti rahbariyati hamda Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi agentligi rahbari Birodarjon Burxonjonov boshchiligidagi jamoa o‘rtasida atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida Orol dengizi havzasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ekologik loyihalar, hududda yuz berayotgan iqlim va ekologik o‘zgarishlar, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari atroflicha tahlil qilindi.

Shu bilan birga, poytaxt Toshkent shahrida mavjud ekologik muammolarni tizimli va innovatsion yondashuvlar asosida hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, atmosfera havosining ifloslanish darajasini kamaytirish, yashil hududlar va “yashil belbog‘” maydonlarini kengaytirish, urbanizatsiya jarayonida ekologik me’yorlarga qat’iy rioya etish, aholining ekologik madaniyati va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, xalqaro grantlar, moliyaviy mexanizmlar doirasidagi loyihalarni samarali yo‘naltirish, ularning natijadorligini oshirish yuzasidan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Toshkent shahrida amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar orqali poytaxt aholisining Orol muammosiga daxldorlik hissini kuchaytirish, ekologik ong va mas’uliyatni yuksaltirish, yoshlar va keng jamoatchilikni ekologik loyihalarga faol jalb etish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish va kelajak avlodlar uchun sog‘lom muhit yaratish yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
M.Komilova, O‘zA