Qum va chang bo‘ronlari aholi salomatligi, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va tabiiy ekotizimlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Quruq iqlim, yer degradatsiyasi va o‘simlik qoplamining kamayishi ushbu jarayonlarni yanada tezlashtirmoqda.
Yaqinda Oziq-ovqat tizimlari, yerdan foydalanish va qayta tiklash ta’siri dasturi doirasida FAO ko‘magida tayyorlangan “O‘zbekistonda qum va chang bo‘ronlari: ta’sirni tushunish va yumshatish uchun atmosfera modellashtirish” nomli hisobot ushbu muammoni chuqur ilmiy tahlil qildi.
Tadqiqot natijalari shundan dalolat beradiki, strategik ko‘kalamzorlashtirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va barqaror yer boshqaruvi amaliyotlarini joriy etish havodagi chang miqdorini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
Ayrim oylarda asosiy manba hududlarida maqsadli o‘simlik qoplami orqali havodagi changni 80 foizgacha kamaytirish mumkinligi aniqlandi. Bu tabiatga asoslangan yechimlar qum va chang bo‘ronlariga qarshi samarali vosita ekanini tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, hisobot qum va chang bo‘ronlarining transchegaraviy xususiyatini ham ochiq-oydin ko‘rsatib berdi. Ayrim hududlarda havodagi changning 70 foizgacha qismi O‘zbekiston hududidan tashqarida shakllanadi. Bu esa biror davlat ushbu muammoni yakka holda to‘liq hal qila olmasligini, muvofiqlashtirilgan mintaqaviy hamkorlik, umumiy monitoring va erta ogohlantirish tizimlari zarurligini ta’kidlaydi.
Hisobotda milliy va mintaqaviy siyosatlarni uyg‘unlashtirish, chang bo‘ronlarini monitoring qilish va prognozlash infratuzilmasiga sarmoya kiritish, shuningdek, barqaror yer boshqaruvi amaliyotlarini kengaytirish muhimligi qayd etilgan. Bu chora-tadbirlar nafaqat qisqa muddatli xavflarni kamaytiradi, balki uzoq muddatli ekologik barqarorlikka ham xizmat qiladi.
O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov 2024 yil Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan UNCCD COP16 anjumanida ushbu hisobotni taqdim etar ekan, qum va chang bo‘ronlari Markaziy Osiyo uchun eng dolzarb ekologik muammolardan biri ekanini ta’kidlagan edi. Ushbu tadqiqot ilmiy asoslangan yondashuvlar va transchegaraviy hamkorlikni uyg‘unlashtirish orqali mintaqa bo‘ylab yanada barqaror landshaftlarni shakllantirish mumkinligini ko‘rsatib berdi.
Bu yo‘lda milliy sa’y-harakatlar xalqaro hamkorlik bilan uyg‘unlashgandagina barqaror va uzoq muddatli natijalarga erishish mumkin bo‘ladi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri